Toshkent viloyatida chiqindilar hosil bo‘lishining oldini olish, qayta ishlash va takroriy foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati o‘rganildi.
Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘limi, Hisob palatasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda Toshkent viloyati hokimligi vakillaridan iborat ishchi guruh vakillari hududda chiqindilar hosil bo‘lishining oldini olish, qayta ishlash va takroriy foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.

Toshkent viloyati bo‘yicha hozir 22 ta hududda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada 17 ta hududda "Toza hudud" DUK hamda muqobil kompaniyalar xizmat ko‘rsatmoqda. Angren, Chirchiq shaharlari hamda Parkent, Toshkent, Yuqori Chirchiq tumanlarida davlat xususiy sheriklik asosida ishlamoqda. Bu sohada joriy yil 1 avgust holatiga tuman-shaharlardagi mahallalarda yashovchi aholining 89 foiziga xizmat ko‘rsatilyapti. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozir viloyat bo‘yicha aholi va xo‘jalik sub’ektlari tomonidan chiqarilayotgan maishiy chiqindilarning kunlik hajmi 1 ming tonnani tashkil etmoqda. Joylardagi maishiy chiqindi poligonlariga o‘rta hisobda 580 ming 931 tonna chiqindilar joylashtirilib rekultivatsiya qilingan. Biroq ro‘yxatdan o‘tkazilgan jami 39 ta chiqindilarni qayta ishlash korxonalaridan 10 tasining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Davlat xususiy sherikchilik loyihalari doirasida, Yevropa davlatlarining tajribasidan kelib chiqib, chiqindilarni saralash hamda qayta ishlash yo‘nalishini joriy etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda chiqindilarni qayta ishlash bilan bog‘liq ishlarni rivojlantirish hamda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida ishchi guruh faoliyatini davom ettirmoqda.
A.Musayev, O‘zA.