Samarqandda davom etayotgan BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi (CMS COP14) doirasida bugun O‘zbekistonning atrof-muhit holati to‘g‘risidagi Milliy ma’ruza taqdim etildi.
Atrof-muhit holati to‘g‘risidagi Milliy ma’ruza mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ekologik vaziyat va tendensiyalarni aks ettiruvchi keng qamrovli hujjatdir. Shuningdek, u tegishli siyosiy ustuvorliklar, strategiyalar va atrof-muhit muammolarini hal qilish bo‘yicha harakatlar yo‘nalishini belgilaydigan boshqa hujjatlarning umumiy ko‘rinishini taqdim etadi.
[gallery-15954]
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilotning atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen xonim va boshqa xalqaro tuzilmalar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, milliy ekspertlar ishtirok etdi.
– Milliy ma’ruzalar mamlakatlardagi atrof-muhit holati to‘g‘risida ma’lumot berish, amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusidagi vazifalarni belgilab olish uchun muhim hujjat hisoblanadi, – deydi Milliy ma’ruza ekspertlaridan biri Xaniya Asilbekova. – Bizda ham bunday hisobotlar tayyorlab kelinadi. Lekin bu galgi Milliy ma’ruza keyingi o‘n yilda tayyorlandi. U avvalgilardan birmuncha farq qiladi va zamonaviy yondashuv asosida tuzildi, uning tasviriy sharhi tayyorlandi. Kelgusida nafaqat mamlakatning, balki hududlar bo‘yicha ham shu kabi ma’ruza, hisobotlarni tayyorlash ko‘zda tutilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Zyo58Z4Tu3Q" title="Atrof-muhit holati toʻgʻrisidagi milliy maʼruza taqdim etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Tadbirda Ekologiya vazirligining yangi nashrlari – O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhit holati to‘g‘risidagi Milliy ma’ruzasi va uning tasviriy sharhi, FAOning Oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha qo‘llanmasi va O‘zbekistonda ekoturizmni rivojlantirish va ekologik barqarorlik bo‘yicha taqdimot: turoperatorlar, mahalliy hokimiyat organlari va tashrif buyuruvchilar uchun maslahatlar taqdim etildi.
Shuningdek, bugungi tadbirlar doirasida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) bilan 11 million yevro miqdoridagi qo‘shma mintaqaviy grant loyihasini ishga tushirishga bag‘ishlangan marosim ham o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (video), O‘zA muxbirlari