Ayrim turdagi atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi hamda kelib chiqadigan oqibat miqdoriga nisbatan nomutanosibligi uchun ushbu turdagi huquqbuzarliklar soni ortgan.
Shu sababli, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan.

Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan mazkur qonun bilan qator qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar ifloslantiruvchi manbalarda o‘rnatiladigan avtomatik monitoring stansiyalari ma’lumotlarini Atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga real vaqt rejimida kiritishi majburiyligi belgilanmoqda.

“Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunda fuqarolar belgilanmagan joyga tashlagan chiqindisini olib chiqib ketishi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda chiqindilarni olib chiqib ketish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplab berishi shartligi nazarda tutilmoqda.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ko‘chirib o‘tish uchun ruxsatnoma berish tartibini joriy etish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik, yer, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlarini buzganlik, ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirganlik, nobud qilganlik uchun jinoiy jazo choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, aholi punktlaridagi irrigatsiya tizimlarini ko‘mib tashlaganlik, ko‘p kvartirali uyga tutash tuproqli va yashil qoplamali yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan betonlashtirish kabi qoidabuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Senatorlarning ma’qullagan qonun atrof-muhit muhofazasini ta’minlash va aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda davlat ekologik nazoratini samarali tashkil etish, biologik xilma-xillikni asrash, tabiiy resurslarning kafolatlangan himoyalanishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA