Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
A.Toshqulov oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlaridagi o‘zgarishlar haqida ma’lum qildi
14:27 / 2022-06-16

Kuni kecha Prezidentimizning “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ushbu hujjat ahamiyati hamda professional ta’lim sohasi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov mamlakatimizda uzluksiz ta’lim tizimidagi mavjud muammolarni hal etish dolzarb masala ekanini ta’kidladi. 

[gallery-7596]

Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi keltirilgan qaroriga ko‘ra, bir qator yangi tartiblar o‘rnatilmoqda. 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab 12 ta oliygoh uchun eksperiment tariqasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli joriy etildi. 

Oliygohlarning magistratura bosqichida tahsil oluvchi xotin-qizlarning to‘lov-kontrakti to‘liq davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Litsey va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlari manfaatdor vazirliklarning taklifi asosida Oliy ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Avval ushbu vakolat Davlat komissiyasiga tegishli edi.  

Magistraturaga qabul jarayonlari bir yilda 2 marta – avgust va yanvar oylarida abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha sertifikat bali asosida amalga oshiriladi, qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi. 

Davlat oliygohlari orasida talabalar o‘qishni ko‘chirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruxsat beriladi. Oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirishga hamda davlat organlari xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish mumkin. 

Bundan tashqari 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab davlat oliygohlariga o‘qishga qabul qilish parametrlari faqat davlat grantlari bo‘yicha tasdiqlanadi. To‘lov-kontrakti asosida qabul parametrlari bo‘ysunuvchi bo‘yicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan Iqtisodiyot va Oliy ta’lim vazirliklari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi hamda har yili 20 iyunga qadar e’lon qilinadi. 

Shuningdek, mazkur qaror bilan Prezidentimizning “2022-2023 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi farmoyishi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari umumiy kvotasi 121 ming 395 nafar etib belgilandi.  

Jumladan, bakalavriat – 110 ming 707 nafar, kunduzgi ta’lim shakliga – 77 ming 477 nafar, sirtqi ta’lim shakliga – 26 ming 095 nafar, kechki ta’lim shakliga – 3 ming 725 nafar, masofaviy ta’lim shakliga – 3 ming 410 nafar, magistraturaga – 10 ming 688 nafar qabul kvotasi belgilandi.  

Shu bilan birga moliyaviy mustaqillik berilgan 36 ta davlat OTM to‘lov-kontrakt bo‘yicha yana 50 mingdan ortiq qabul parametrlari Kuzatuv kengashlari qarori bilan tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Natijada joriy o‘quv yilida qabul parametrlari o‘tgan yilga nisbatan oshadi.  

Magistraturaga mustaqillik berilgan 36 ta oliygoh tomonidan 2 ming 904 nafar talabani qabul qilish rejalashtirilmoqda. Xorijiy va nodavlat oliygohlariga ajratiladigan davlat granti miqdori 1000 nafar etib belgilandi. Bunda davlat buyurtmachisi Oliy ta’lim vazirligi bo‘ladi.  

Respublikada faoliyat yuritayotgan 31 ta xorijiy va 26 ta nodavlat oliygohlariga jami 34 ming nafar talaba qabul qilinishi kutilmoqda. Xotin-qizlarning davlat va jamiyatdagi faolligini yanada oshirish maqsadida ular uchun 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab quyidagi yangi tizim yaratilmoqda.  

Jumladan, bakalavriatning kunduzgi shakli bo‘yicha qabul parametrlariga qo‘shimcha 2000 ta davlat granti ajratiladi. Ushbu davlat granti Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun maqsadli yaratiladi. Shu bilan birga davlat grantining kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlariga ajratiladi. Davlat grantining oliygoh va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti har yili 20 iyulga qadar tasdiqlanadi va e’lon qilinadi. Magistraturaga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori Davlat byudjeti hisobidan to‘liq qoplanadi. 

Bundan tashqari kuni kecha Prezidentimiz tomonidan aholining kasb-hunarga tayyorlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Kasb-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Bunda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi barcha kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish, metodik ta’minlashga mas’ul bo‘ladi. 

Vazirlikda alohida vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, departament tashkil etildi. Har bir viloyat, tuman, shaharda Kasb-hunar ta’limi kengashlari tashkil etiladi. Dual ta’lim shakli kasb-hunar maktablarida va texnikumlarda ham yo‘lga qo‘yiladi. Oliygohlardagi kamida 60 ta ta’lim yo‘nalishi texnikumlarga beriladi. Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh o‘qituvchilarining oyligiga tenglashtiriladi. 

Shu qatorda kelgusi yildan texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish mexanizmi bekor qilinadi. OTM talabalari uchun joriy etilgan imtiyozli ta’lim kreditini yangi o‘quv yilidan texnikum va kollejlar uchun ham joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.  

Ularda o‘qish uchun davlat grantlari va ehtiyojmand oila a’zolari uchun subsidiyalar ko‘paytirildi. Ayrim texnikumlarga bir yilda 2 marta qabul tashkil etish amaliyoti joriy etiladi. Professional ta’lim pedagog va ustalarining oyliklarni oshiriladi. Kelgusi yili buning uchun byudjetdan 150 milliard so‘m ajratiladi. Xususiy kollej va texnikum tashkil etish uchun qator imtiyozlar beriladi.  


N.Usmonova,  
O‘zA