Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida
22:07 / 2024-07-16

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li o‘zining betakror va sermazmun ijodi bilan xalqimiz madaniyati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va og‘izbirchilikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan ulkan ijodkordir. Hassos shoirning she’r va dostonlarida aks etgan gumanistik falsafiy qarashlar el-yurtimiz qalbidan chuqur joy egallagan.

Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon va Qutlimurod inoq madrasalarida tahsil olgan bu ulug‘ siymo nafaqat mamlakatimizda, balki butun mintaqamizda xalqchil shoir, yetuk muallim va ustoz, mohir xattot sifatida shuhrat qozongani ayniqsa e’tiborga molikdir. Uning go‘zal asarlari turkman, qozoq, qirg‘iz va boshqa qardosh xalqlar tomonidan ham sevib o‘qilmoqda.

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham uning ijodiy merosi umumbashariy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining betakror adabiy merosini yanada keng o‘rganish va ommalashtirish hamda tavalludining 200 yilligini munosib nishonlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmalari, YUNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Badiiy akademiya hamda jamoatchilik vakillarining Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini mamlakatimizda keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

3. Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov) bir hafta muddatda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash hamda uning ijodiy merosini keng targ‘ib qilish bo‘yicha quyidagi vazifalarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar дастурини tasdiqlasin hamda uning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlasin:

shoirning “Tanlangan asarlar” to‘plamini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini o‘tkazish;

davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik фильмини yaratish va ularning taqdimotlarini uyushtirish;

Nukus shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan” mavzusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining tanlovini, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insholar танловини o‘tkazish;

2024 yilning sentyabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, tasviriy san’at asarlari va xalq amaliy san’ati namunalari кўргазмасини o‘tkazish;

2024 yilning oktyabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining adabiy merosini o‘rganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish;

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir музейини tashkil qilish;

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining Mo‘ynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik o‘rnatish, mazkur tumanda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nomidagi ekopark barpo etish;

mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, professional, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar ishtirokida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv va adabiy kechalar uyushtirish;

2024 yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalarини tashkil etish.

4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan byudjet mablag‘lari, ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Sh. Mirziyoyev