O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida FVV Akademiyasi tomonidan atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlab “Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiy faoliyati” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Akademiya kursantlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Mahmudxo‘ja Behbudiyning ijodiy faoliyati, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy merosini o‘rganish orqali harbiy xizmatchilar bilimini oshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirni Akademiya boshlig‘i Muzaffarjon Mamasiddiqov ochib berdi.

U bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda ajdodlarimizning bebaho ilmiy-ma’rifiy merosi, xususan, jadid bobolarimizning milliy istiqlol va ma’rifatparvarlik yo‘lida ko‘rsatgan beqiyos jasoratini yanada chuqur o‘rganish bo‘yicha ko‘plab imkoniyatlar yaratilib, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda Mahmudxo‘ja Behbudiy – buyuk ma’rifatparvar, yozuvchi, publitsist, dramaturg va jamoat arbobi, Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi ekani, jadid maktablari faoliyatini yo‘lga qo‘ygani hamda shu maktablar uchun “Risolai asbobi savod”, “Risolai jug‘rofiyai umroniy”, “Risolai jug‘rofiyaiy Rusiy”, “Kitobat ul-atfol”, “Amaliyoti islom”, “Tarixi islom” nomli ko‘plab kitoblar yozgani qayd etildi.

Anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ilmiy-amaliy anjuman savol-javob va munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA