Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Atoqli ijodkor Muhammad Ismoilning yangi kitoblari taqdimoti o‘tkazildi
11:49 / 2024-10-10

Muhammad Ismoil – samimiy adib, qalb kechinmalarini betakror tarzda ifoda etuvchi shoir. Uning ijodidan bahramand bo‘lgan kitobxon o‘zligiga nazar tashlaydi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Muhammad Ismoilning “Ijod nashr” nashriyotida chop etilgan “Boshimdagi tojim onam” hamda shoir ijodi haqida zamondoshlarining fikrlari jamlangan “Qatorda noring bo‘lsa”, “Ochiq osmon ostida” nomli kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“Ko‘ksimni kuydirgan alanga” deb nomlangan ushbu taqdimot tadbiri adabiyot, she’riyat, musiqa bayrami sifatida g‘oyat samimiy, fayzli ruhda bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot tadbirida yetakchi jurnalistlar, adiblar, adabiyotshunos olimlar, shoirlar Muhammad Ismoil ijodi xususida batafsil so‘z yuritdi.

Ustoz jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Ahmadjon Meliboyevning fikricha, Muhammad Ismoilning “Boshimda tojim onam“ nomli kitob onadek mayin, latif kitob bo‘lgan. Uni mutolaa etayotgan o‘quvchi bevosita kitobning ichiga kirib ketadi. Ijodkor uchun eng katta boylik onaning duosi ekani shu kitobda yaqqol namoyon bo‘ladi. Zero, millatimiz ona duosini doim ulug‘ qadriyat sanagan. Bu kitobni o‘qigan odam o‘zini taftish etadi. Vodiyda bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuvlar jarayonida adabiyot muxlislari uning she’rlarini uning o‘zi bilan jo‘rovozlikda aytib berishganiga guvoh bo‘lish mumkin. Ijodkor uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.

Taqdimot tadbirida e’tirof etilganidek, ona haqida yozmagan ijodkorning o‘zi bo‘lmasa kerak. Onalar haqida to‘qima gaplar bilan yozib bo‘lmaydi. Kitobda  yurakdan chiqqan so‘zlar aks etgan. Muallif onaning hayot falsafasi naqadar teran ekanini ko‘rsatib beradi. Onaning o‘gitlari Muhammad Ismoil uchun mayoq ekani shu kitobda yaqqol sezilib turadi.

Tadbirda Muhammad Ismoilning ijodiy faoliyati haqida batafsil so‘z yuritildi.

“Ochiq osmon ostida” nomli kitob Muhammad Ismoil ijod dunyosi, insoniylik jihatlarini yorqin ochib berishi bilan ahamiyatlidir. Bu kitobni o‘qib, adibning ba’zi asarlari misolida Muhammad Ismoil ijodining o‘ziga xos uslubga ega ekanini, uning kamolot yo‘lidagi kechinmalari, zahmatu quvonchlari, iztiroblarini yanada teranroq anglaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad Ismoil 1964 yilining 13 martida tug‘ilgan. 1981-1986 yillarda hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Ilk she’riy to‘plami – “Tazarru saodati” nomli kitobi 1991 yil chop etilgan. Shundan so‘ng “Tasavvur chiziqlari” (1998), “Ko‘ngil mulkiga safar” (2001), “Sahroyi gullar” (2001), “Siz hamon o‘shasiz” (2003), “Sizni sevmay bo‘ladimi” (2005), “Bahorning eng so‘nggi lolasi” (2006), “Chiroylisan, tengi yo‘q” (2006), “Ko‘ksimni kuydirgan alanga” (2008), “Osmon to‘la orzular” (2011) kitoblari chop etilgan.

Adibning hikoyalari asosida “Luchezarnaya” (2011) kitobi rus tilida nashrdan chiqqan. Muhammad Ismoil mohir tarjimon hamdir. Marina Svetayeva, Boris Pasternak ijodidan namunalarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Muhammad Ismoil asarlari asosida “Izg‘irinli kunlarning biri”, “Qismat”, “Oy chiqmagan oqshom”, “Yangi oy chiqqan kecha”, “Mohinur”, “Atirgul”, “Balog‘at bekati”, “Yulduzsiz osmon” “Qalbim ardog‘i” kabi videofilmlar ekranlashtirilgan. Muallifning ko‘plab she’rlari qo‘shiq bo‘lgan.

Muhammad Ismoil O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyotni targ‘ib qilish byurosi bosh muharriri (1987-1989), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiy konsultanti (1989-1993), “Yoshlik” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari (1993-1996), “Oila va jamiyat” gazetasi bosh muharriri (1996-1998), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “O‘zbekiston” telekanali bosh direktori o‘rinbosari (1998-2006), G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijod uyida direktor o‘rinbosari – bosh muharrir (2006-2009) lavozimlarida ishlab kelgan.

[gallery-19680]

Yozuvchi Erkin Usmonov adib haqida “Oshufta ko‘ngil” nomli kitob yozgan.

Shoir Muhammad Ismoil yangi kitoblarining taqdimot tadbiri samimiy va fayzli ruhda o‘tdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri