Prezidentimizning O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlashga oid qaroriga binoan mamlakatimiz bo‘ylab tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining filiali – Toshkent muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘tkir Hoshimov milliy adabiyotimiz, jurnalistika sohasida samarali mehnat qilgan zahmatkash ijodkor edi. Adibning ilk kitobi — «Po‘lat chavandoz» 1962 yilda yaratilib, asosan ocherklardan iboratdir. Uning yirik nasriy asarlari — «Cho‘l havosi» «Odamlar nima derkin» (1965), «Shamol esaveradi» (1966), «Qalbingga quloq sol» (1973), «Bahor qaytmaydi» (1970), «Dunyoning ishlari» (1982) qissalari hamda «Nur borki, soya bor» (1976), «Ikki eshik orasi» (1986), «Tushda kechgan umrlar» (1994) romanlari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish.
Kechada qayd etilganidek, yozuvchining bir qancha asarlari ekranlashtirilgan. «Xazon bo‘lgan bahor», «Inson sadoqati» (1975), «Vijdon dorisi», «To‘ylar muborak» (1979), «Qatag‘on» kabi drama, komediya, bir qator kinossenariylar muallifi. «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» (2001) kitobi ijtimoiy-ma’naviy hayotda muayyan iz qoldirgani bilan ahamiyatlidir.
Ustoz yozuvchi Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1986). «Mehnat shuhrati» (1996), «Buyuk xizmatlari uchun» (2001) ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Tadbirda ustoz ijodkor asarlarining adabiy-badiiy ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, O‘zA