Bugun yilning istalgan paytida bozorlarimizga kirsangiz hozirgina daraxtdan uzilgandek saqlangan sarxil mevalar ko‘zingizni quvnatadi. Lekin maxsus kimyoviy ishlov berish evaziga, muzlatkichlarda saqlanishini bilarmidingiz.
Albatta, xaridor talablari va texnika-texnologiya rivoji bog‘bonlar va dehqonlarga bunday imkoniyatlarni taqdim etadi. Biroq, ushbu mahsulotlarning sog‘liq uchun qanchalik foydali yoki zararli ekanligi haqida ko‘pchilik yetarli ma’lumotga ega emas.
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi ba’zi bog‘bonlar qo‘lbola qurilgan omborlarda uzumni mahalliy usulda saqlaydi. Ularning aytishicha, ushbu usul orqali uzum may oyigacha, xuddi bog‘dan kecha uzilgandek toza holatda saqlanadi. Masalan, tumandagi Vatkana qishlog‘ilik Abdulla Egamov mana shunday tajribali dehqonlardan.
Bog‘bonning tomorqasi va dehqon xo‘jaligini qo‘shib hisoblaganda jami 65 sotix uzumzori bor. Tokzorida uzumning deyarli barcha turidan ekilgan. Yoz oylarining boshidan to kech kuzgacha uzum sotadi. Bundan tashqari, kech pishar toifi uzumlarni 1,5-2 tonnasini o‘zi qurgan omborda yozgacha saqlab sotadi. Xullas yetishtirilgan hosil yil davomida maydalab bozorga chiqariladi.
Bog‘bonning omboriga kirar ekanmiz atonlarga (uzum osib qo‘yiladigan tokning novdasidan tayyorlangan vosita) osib qo‘yilgan uzumlarni ko‘rib ko‘z quvnaydi, go‘yo uzum emas marvaridlar ilib qo‘yilgandek.
– Uzumlar mezon shamolini yegandan keyin uzilib, atonlarga bog‘lab chiqiladi va qator qilib omborga joylashtiriladi, – deydi Abdulla Egamov. – May oyigacha sifati buzilmasdan turadi. Fevral oyidan boshlab sota boshlaymiz. Eng muhimi mana shu usulda saqlanganda uzumning sifati buzilmaydi. Hech qanday ximikatlarsiz, tabiiy bu usul sog‘liq uchun juda foydali.
Darhaqiqat, paxsadan qilingan ombor. Binoning orqa va old tomonida shamol aylanishi uchun maxsus tuynuklar qo‘yilgan. Sovuq kunlari kechasi teshiklar yopib qo‘yiladi, ertalab yana ochiladi. Uzum osilgan atonlarning tok novdasidan tayyorlanishida ham hikmat bor. Uzum go‘yo tokda turganday dirkillab turadi. Agar simga osilsa, qurib mayiz bo‘lib qolar ekan.
[gallery-26463]
– Bu usulda asosan kech pishar toifi uzumlarni saqlaymiz, – deydi bog‘bonning turmush o‘rtog‘i Maysara Sattorova. – Uzun tok novdalaridan atonlarni erinmasdan yasaymiz. Sentyabrning oxiri oktyabrning boshlaridan boshlab har bir bosh uzumni osib, bog‘lab chiqamiz. Shuning evaziga qish oylarida ham daromad qilamiz. Ilik uzildi mahallarda ro‘zg‘orning kamu ko‘stiga yaraydi.
Ushbu qishloqda Abdulla aka kabi uzumchilar talaygina, ularning bog‘bonlikdagi tajribalari esa barchaga o‘rnak.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari