Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasining “Atom energiyasi sohasidagi munosabatlarning yanada takomillashtirilishi munosabati bilan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, loyiha qabul qilingan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi va Energetika vazirligi o‘rtasidagi vakolatlar aniq belgilab olinadi.

Bu esa sohada davlat nazoratining samaradorligini oshirish, yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikka oid mas’uliyatni kengaytirish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar va davlat dasturlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamalarda qonun loyihasi tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlariga ta’sir qilmasligi, qo‘shimcha chiqimlar yoki xarajatlar talab etilmasligi qayd etildi. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekistonning energiya xavfsizligini ta’minlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va sohadagi qonuniy tartibni mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida “Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mazkur loyihada davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori yoki harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash sohasidagi munosabatlarni amalga oshirishda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslar haqqoniy va to‘liq axborot taqdim etishi shartligi belgilab qo‘yilmoqda.

Fraksiya a’zosi Qizilgul Qosimovaning fikriga ko‘ra, davlat organi yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi loyihada hech qanday istisnolarsiz, aniq belgilab qo‘yilishi lozim.
Muhtarama Komilova, O‘zA