French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Atom energetikasi: amaliyot va istiqbol
18:09 / 2024-10-15

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida "O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirishning muammolari va istiqbollari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining energetik geosiyosat va diplomatiya markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi hamda “Rosatom” davlat korporatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda  Rossiya, Vengriya, Turkiya, Janubiy Afrika, Serbiya, AQSH, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlardan  ekspertlar, mutaxassis va olimlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari,  Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, Butunjahon yadro assotsiatsiyasi bosh direktori Sama Bilbao-i-Leon xonim, Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov, “O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev, “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Andrey Petrov va boshqalar so‘zga chiqqan tadbirda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishning dolzarb masalalari va imkoniyatlari, bu borada amalga oshirilayotgan loyihalarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. O‘z navbatida, ushbu tadbir mahalliy va xorijlik ekspertlar uchun o‘zaro tajriba almashishda muhim muloqot maydoniga aylandi.

JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining energetik geosiyosat va diplomatiya markazi direktori Hayot Ibragimovning  ta’kidlashicha, tadbir O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanishning afzalliklari, istiqbollari va bu borada mavjud muammolarni muhokama qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bunda mahalliy va xalqaro ekspertlarning bilim va tajriba almashishi orqali mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirishning  muhim chora-tadbirlari belgilanadi.

–Ahamiyatli jihati, bugungi tadbirda atom energetikasi sohasi mutaxassislari bir maydonda jamlandi, – dedi  H. Ibragimov. – Ayniqsa, bu mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish yo‘lida ilmiy  va amaliy ko‘nikma vazifasini o‘taydi. JIDU huzurida ochilgan markazimizda ham O‘zbekiston va butun dunyoda bo‘lib o‘tayotgan  energetik jarayonlardagi  o‘zgarishlar, yangiliklarni tahliliy o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  Shuningdek, biz atom yo‘nalishida geosiyosatga bog‘liq jihatlar va мамлакатiмiзда quriladigan kichik modulli atom reaktorlari haqida o‘rganishlar olib boramiz. 

Anjumanda atom energetikasi sohasidagi joriy va kelajakdagi loyihalar, yadroviy ob’ektlar xavfsizligini ta’minlash yo‘llari,  mamlakatning energiya balansida atom energiyasining roli kabi masalalar ham muhokama etildi. Ushbu sohada kadrlar tayyorlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish zarurligi qayd etildi. 

Ekspertlarning ta’kidlashicha, atom energetikasini rivojlantirish mamlakatning energetika mustaqilligini mustahkamlashda, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Tadbirda Rossiya, Vengriya, Turkiya, Janubiy afrikalik ekspertlar atom energetikasini rivojlantirish borasidagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

– Hozir dunyoda yadroviy uyg‘onish, yadroviy renessans davri kuzatilmoqda, – dedi vengriyalik mustaqil ekspert Jolt Xarfash. – Ushbu yadroviy renessansning ishtirokchisi sifatida Vengriya ham, O‘zbekiston ham buning guvohi bo‘lmoqda. Bunga asosiy sabab esa har ikki davlatda elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda.  Yurtingizda quriladigan loyiha o‘zbek manfaati uchun muhim hisoblanadi. O‘z navbatida Vengriya ham ana shunday stansiya qurishni rejalashtirmoqda. Shu sababli  bu borada O‘zbekiston tajribasi Vengriya uchun juda muhim. Biz bu jarayonni diqqat bilan kuzatib boramiz. 

Anjuman doirasida o‘tkazilgan ikkita panel sessiya ishida yetakchi mutaxassislar, olimlar tomonidan atom energetikasining istiqbollari va imkoniyatlari muhokama qilindi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA