Poytaxtimiz Toshkent shahri dunyodagi atmosferasi eng iflos, yomon va zararli bo‘lgan shaharlar qatoridan o‘rin egallab kelayotganiga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz. Bugungi kunda ekologiya va atmosfera havosi ifloslanishiga sabab bo‘layotgan bir qator omillar mavjud. Ular qatorida sanoat korxonalari va issiqxona xo‘jaliklari ham bor. Ular faoliyatini tartibli yo‘lga qo‘yish borasida nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinadi.
Jumladan, hukumatning 2025 yil 8 fevraldagi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari tomonidan 300 dan ortiq mutaxassisdan iborat ishchi guruhlar tashkil etilgan. Ular tomonidan poytaxt hududidagi issiqxona xo‘jaliklari, sanoat korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodlari va boshqa yirik ishlab chiqaruvchi hamda ijtimoiy soha ob’ektlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, nazorat tadbirlari natijasida 4 ming 869 ob’ekt o‘rganilgan. Ulardan 595 tasi issiqxona xo‘jaliklari (Toshkent viloyatida — 381 ta, Toshkent shahrida — 214 ta), 2 ming 265 ta ijtimoiy soha ob’ekti hamda 1 ming 998 sanoat va qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalaridir. Barcha ob’ektlarda profilaktika va tushuntirish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganishlar davomida dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 58 issiqxona xo‘jaligiga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi, 106 xo‘jalik faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, 387 holat bo‘yicha ekologik talablarga muvofiqlashtirish hamda plyonka, avtoshina va o‘simlik qoldiqlarini yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik yuzasidan rasmiy ogohlantirish xatlari yuborildi.
Bugun hayotimiz va salomatligimizga rahna solayotgan turli ekologik xavflar salmog‘i ortib borar ekan, ularga qarshi kurashish, ekologik muammolarni bartaraf etish va oldini olish eng dolzarb masalaga aylanmog‘i lozim.
Muhtarama Komilova,
O‘zA