Navoiyda Ekologiya vazirligi va viloyat boshqarmasi xodimlaridan iborat Ishchi guruhi tomonidan birinchi va ikkinchi toifaga mansub 133 ta ob’ektda atmosfera havosini muhofaza qilishga oid belgilangan majburiyatlarga rioya etilishi yuzasidan xatlovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Navoiy shahri hududida atmosfera havosining ifloslanish darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan me’yordan ortib ketish sabablarini aniqlash, tahlil qilish va ularga nisbatan chora ko‘rish maqsadida o‘rganish o‘tkazilmoqda.

Ishchi guruh tomonidan Navoiy shahri va unga chegaradosh bo‘lgan hududlar bo‘ylab 11 ta nuqtadan ko‘chma laboratoriya orqali havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha tahlillar olib borildi.
– Atmosfera havosining ifloslanish darajasi bo‘yicha laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra, 2025 yil 19 iyul kuni holatiga ertalab 7:00 dan 9:00 ga qadar “Navoiyzot” AJ va BXO atrofidan tahlil ishlari olib borildi, – deydi viloyat Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati rahbari Zubayda Dushanova. – O‘rganishlar jarayonida atmosfera tarkibida ruxsat etilgan me’yordan ammiak 1,4 baravar, vodorod sulfidi esa 16,8 baravar yuqoriligi aniqlandi. 21 iyul kuni esa “Navoiyazot” AJ va “Sogda Kimyo zavodi” korxonasi atrofida ifloslantiruvchi oltingugurt 4, uglerod va azot oksidlari, ammiak, vodorod sulfidi va chang moddalar miqdori ruxsat etilgan me’yordan yuqori emasligi aniqlangan. 22 iyul kuni “Soda kimyoviy ishlab chiqarish” zavodi atrofidagi uchta nuqtadan va “Zarafshon industrial technology” ishlab chiqarish zavodi atrofidan ikkita nuqtadan olingan tahlillarga ko‘ra, oltingugurt qo‘shoksidi 1,04 - 1,24 marotaba va ammiak 1,40 - 1,65 marotaba ruxsat etilgan me’yordan yuqoriligi qayd etilgan.

Ishchi guruh tomonidan 2025 yil 23 iyuldan boshlab Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes ombudsmanni xabardor qilish tartibi asosida “Navoiyzot” AJ, “Sagdiana kimyo”, “Ferroslav”, “Zarafshon industrial technology” MCHJlarda 10 kunlik tekshirish ishlari amalga oshirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri