16 sentyabr – Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni. Shu munosabat bilan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan seminar tashkil etildi.
1985 yilda Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi qabul qilinishi bilan ozon muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarning aniq mexanizmi yaratilgani qayd etildi.

Mazkur Konvensiya doirasida ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishda xalqaro hamkorlik, ozon qatlamini tizimli monitoring qilish, ozonni yemiruvchi moddalar – xlorftoruglerodli birikmalarning ishlab chiqarilishi monitoringi va axborot almashinuvi ko‘zlangan.
Seminarda mutaxassislar tomonidan ozon qatlamining yemirilishi insoniyatda teri kuyishi, pigmentatsiya buzilishi va teri saratoni (melanoma) xavfini oshirishini ta’kidladi. Ultrabinafsha nurlarining ortishi natijasida katarakta (ko‘z gavharining xiralashishi), to‘r parda shikastlanishi va boshqa ko‘z kasalliklari kelib chiqishi, shuningdek, inson immun tizimi zaiflashishi mumkin.

O‘zbekiston 1993 yildan buyon Ozon qatlamini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi va Ozon qatlamini buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli ishtirokchisi hisoblanadi.
Tadbirda O‘zbekiston Monreal protokoliga kiritilgan beshta tuzatishdan to‘rttasiga qo‘shilgani va ushbu xalqaro shartnomalar asosida ozon qatlamini yemiruvchi moddalar iste’moli talablarini to‘liq bajarib kelayotgani qayd etildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Monreal bayonnomasi Kigali tuzatmasiga qo‘shilishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan o‘rganishlar olib borilayotgani keltirib o‘tildi.
Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal bayonnomasi talablarini ta’minlash yuzasidan olib borilgan ishlar holati, shuningdek, mazkur bayonnoma talablarini amalga oshirish mexanizmi va atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari, doimiy komissiya raislari, qo‘mita ekspertlar kengashi a’zolari, tegishli idoralar mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan seminarda mavzu yuzasidan takliflar bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA