Shu yilning 13-21 sentyabr kunlari Yaponiya poytaxti Tokio shahrida yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston terma jamoasining uch nafar a’zosi: Shoxruh Davlatov (marafon), Anvar Anvarov (uzunlikka sakrash), Sharifa Davronova (uch hatlab sakrash) mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Musobaqada hamyurtlarimiz orasida birinchi bo‘lib Shohrux Davlatov o‘z chiqishini amalga oshiradi. U 15 sentyabr kuni chempionatning uchinchi kunida, Toshkent vaqti bilan soat 03:30 da boshlanadigan marafon finalida ishtirok etadi. Marafon bellashuvlarida jahonning 47 ta yengil atletika federatsiyasidan 96 nafar sportchi medallar uchun kurash olib boradi. E’tiborga molik jihati shundaki, erkaklar o‘rtasidagi marafon musobaqasida Markaziy Osiyo mintaqasidan yagona ishtirokchi — O‘zbekiston vakili hisoblanadi. Shuningdek, Osiyo qit’asidan yana 10 nafar atlet g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Ular orasida mezbon Yaponiyadan 4 nafar, Xitoydan 3 nafar, Mo‘g‘ulistondan 2 nafar va Janubiy Koreyadan 1 nafar sportchi ishtirok etadi.

Shuningdek, 15 sentyabr kuni Anvar Anvarov uzunlikka sakrash bahslarining saralashida o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi. Agarda ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tsa, 17 sentyabr kuni finalida medallar uchun kurash olib boradi. Sharifa Davronova esa 16 sentyabr kuni uch hatlab sakrashda final yo‘llanmasi uchun bellashadi. Ushbu yo‘nalishdagi final bosqichi 18 sentyabr kuni o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida: ushbu chempionatda balandlikka sakrash dasturidan Safina Sa’dullayeva va yadro uloqtirishda Malika Nasriddinova ishtirok etishi kerak edi. Biroq atletlarimiz jarohat sabab musobaqani o‘tkazib yuboradi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA