Bugungi kunda axborot texnologiyalari mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiya muhitini takomillashtirishda muhim omilga aylanmoqda.
Bunday global jarayonlardan chetda qolmaslik uchun O‘zbekiston ham raqamli texnologiyalar sohasini jadallik bilan rivojlantirish yo‘lida izchil harakat qilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, “ICT Week Uzbekistan-2025” doirasida o‘tgan AT Investitsiya forumi nafaqat sohaning bugungi holati, balki uning ertasi haqida ham o‘ylash va fikr almashish uchun muhim minbar bo‘ldi.

Tadbir hukumat rahbarlari, xalqaro investorlar, moliyaviy institutlar va texnologiya sohasidagi yetakchilarni bir maydonga jamlab, O‘zbekistonda AT investitsiyalarining istiqbollari va yangi imkoniyatlarini muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Forumda O‘zbekiston AT sohasida mavjud investitsiya imkoniyatlari taqdim etildi. Mamlakatda innovatsion startaplar, IT Park rezidentlari, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari va texnologik loyihalarga sarmoya kiritishning afzalliklari alohida qayd etildi.
Shuningdek, davlat tomonidan sohaga berilayotgan imtiyozlar, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda O‘zbekistonning raqamli xizmatlar eksportini kengaytirish orqali mintaqaviy IT-xab sifatida shakllanib borayotgan istiqbollari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, xalqaro kompaniyalar, moliyaviy institutlar va mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalasi ham muhim mavzu bo‘ldi. Ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish, transmilliy kompaniyalar bilan sheriklikni rivojlantirish va xalqaro moliya institutlari bilan yangi dasturlarni amalga oshirish yo‘llarini ko‘rib chiqdilar.
Forumda barqaror raqamli infratuzilma va “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish zarurligi ham ta’kidlandi. Ekologik xavfsiz ma’lumotlar markazlari barpo etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan infratuzilma yechimlarini joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Yana bir asosiy yo‘nalish sifatida innovatsiya va hamkorlik orqali yangi bozorlarni ochish masalasi muhokama qilindi. Mahalliy startap ekotizimining imkoniyatlari, innovatsion mahsulot va xizmatlarni xorijiy bozorga olib chiqish mexanizmlari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda raqamli iqtisodiyotning yangi segmentlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA