Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi ilk bor Markaziy Osiyoda, yurtimizda o‘tkazilishi tarixiy ahamiyatga, ramziy ma’noga ega.
Ya’ni, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarda ijtimoiy taraqqiyotga intilish, adolatli parlament tizimini takomillashtirishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirning ahamiyati xususida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Fazliddin Mo‘minov fikrlarini bildirdi:
– Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati xalqaro maydonda o‘zining ochiqligi, konstruktivligi va tinchlikparvarligi bilan alohida ajralib turibdi. Bugungi kunda mamlakatimizning ko‘p tomonlama diplomatik sa’y-harakatlari jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Toshkent shahri Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubileyiga bag‘ishlangan Assambleyasiga mezbonlik qilmoqda. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham ulkan siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbir.

Parlamentlararo Ittifoq dunyodagi eng nufuzli va qadimiy parlamentlararo tashkilotlardan biri hisoblanadi. Uning maqsadi demokratiyani mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish va global muammolarni birgalikda hal etishdir. O‘zbekistonning bu ittifoqqa a’zoligi va faol ishtiroki mamlakatning xalqaro maydondagi rolini oshirishga xizmat qilmoqda.
Aytish kerakki, O‘zbekiston so‘nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yo‘lida katta qadamlar qo‘ydi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan maqsadlar ham aynan shu yo‘nalishlardagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Ijtimoiy islohotlar xususida so‘z ketganda ta’lim tizimida yaratilayotgan keng imkoniyatlar borasida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimi ijtimoiy islohotlardan bahramand ravishda tubdan isloh etildi.
Yaqin yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning ta’lim va ilm-fan sohasidagi faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Buning yorqin dalilini mamlakatimizdagi 203 ta oliygoh talabalarining 52 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etayotganida ko‘rish mumkin.
Bu raqamlar esa davlat rahbari ko‘magi natijasida ayollarning oliy ta’limga bo‘lgan intilishi va imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 ming nafarga yaqin xotin-qizga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi.
Shuningdek, ilm-fan sohasida ham xotin-qizlarning faolligi sezilarli darajada oshgan. Hozirgi vaqtda 6 ming 200 nafardan ortiq xotin-qiz ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan kambag‘al oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga o‘qitish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi, 118 ming yoshlar tegishli to‘garaklarda o‘qitilishi hamda mazkur to‘garak xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanishi belgilanishi bu boradagi o‘zgarishlarda muhim qadam bo‘ldi.
Zero, Assambleyaning asosiy mavzusi "Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati" deya nomlangani ham jadal ijtimoiy islohotlarni boshdan kechirayotgan O‘zbekiston uchun o‘z ramziy ma’nosiga ega.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA