Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Assalomu alaykum, onajon!
14:06 / 2017-10-21

Har bir ota-ona farzandining xorij tilini bolalik chog‘idan o‘rganishini xohlaydi. Axir, globallashuv zamonida ikki-uchta chet tilni o‘rganib qo‘ygan yaxshi-ku! Til bilgan – el biladi, deydi xalqimiz.

...O‘sha kuni ham odatdagiday oila a’zolarimiz bilan ertalabki nonushta qilayotgandik. Uchinchi sinfda o‘qiydigan qizim yuz-qo‘lini yuvib kelib, biz bilan ingliz tilida so‘rashdi.

– Good morning, daddy! Good morning, mommy!

Har bir ota-ona farzandining xorij tilini bolalik chog‘idan o‘rganishini xohlaydi. Axir, globallashuv zamonida ikki-uchta chet tilni o‘rganib qo‘ygan yaxshi-ku! Til bilgan – el biladi, deydi xalqimiz. Qizim ham ulg‘aygach, nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qisa yoki tarjimon bo‘libmi, diplomat bo‘libmi dunyo kezsa ajabmas. Yaxshi niyat – yarim davlat. Men ham qizimni rag‘batlantirib, inglizcha javob berdim:

– Good morning, honey!

Onasi menga xavotirli qarab, bir nima demoqchi bo‘ldi-yu gapini ichiga yutdi.

Balki o‘sha kungi voqea bo‘lmaganda men har doim takrorlanadigan bu holatga unchalik ahamiyat bermagan, aksincha, qizimni qo‘llab-quvvatlashda davom etavergan bo‘lardim. Nonushtadan so‘ng qizim bilan yo‘lga tushdik. Har kuni uni maktabiga olib borib, keyin o‘zim ishga ketaman. Yo‘l-yo‘lakay u bilan suhbatlashib bordim. Mahallamizdagi bolalar maydonchasi oldida uning erkaligi tutdi:

– Dada, bir marta kachelida uchiring, iltimos!

Qizlar otalariga mehribon bo‘ladi, deyishadi. Shuning uchun otalar qizlarining oldida o‘zini ularning hamma tilaklarini bajarishga qodir kishi sezsa kerak. Uning jilmayib turgan chehrasiga qarab, zavqim keldi. Soatga qaradim, hali dars boshlanishiga vaqt bor ekan. Qizimning iltimosini bajardim. Keyin do‘kon oldida yana erkalandi.

– Dada, supermarketga kiraylik. Menga popkorn bilan “Kola” obering!

Ana shunda miyamga yashinday urilgan fikrdan o‘zim ham seskanib ketdim – ayolimning xavotirli nigohidagi ma’noni uqqanday bo‘ldim. Nahotki, bodringning inglizcha “cucumber” ekanini bizga o‘rgatgan farzandim xorij so‘zlarining o‘z ona tilidagi tarjimasini bilmasa?! “Koka-kola” mayli, u dunyoga mashhur ichimlik suvining nomi. Lekin qizim aytgan boshqa so‘zlar-chi? Nahotki, u o‘z tilida kacheli – arg‘imchoq, supermarket – do‘kon, popkorn – bodroq ekanini bilmay ulg‘aymoqda?!

“Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinganiga yigirma sakkiz yil bo‘ldi, hali mamlakatimiz mustaqil bo‘lmay turib qabul qilingan qonunlardan biri, deb ko‘ksimizga urib yuraveribmiz-u o‘zimiz ham, farzandlarimiz ham ona tilimizga, bu degani onamizga, ona Vatanimizga bepisand munosabatda ekanimizni anglamabmiz.

Ha, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimiz hayotida muhim tarixiy voqea bo‘lganini bot-bot takrorlaymiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Ostonada o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida o‘zbek tilida so‘zlagan nutqidan faxrlanamiz. Lekin o‘zimiz-chi? Ona tilimizga qanchalar e’tiborlimiz? Bugungi kunda “ommaviy madaniyat”, globallashuv, integratsiyalashuv ta’siri ostida turli chet so‘zlarning tilimizga muqim o‘rnashib qolgani haqida gapirishni qoyillatamiz. Kundalik hayotimizda esa o‘sha “chetdan kirib kelgan” so‘zlarni bemalol muloqot jarayonida ishlataveramiz.

Kun davomida qo‘llaydigan so‘zlarimizga e’tibor bering: proyezd, krujka, protsent, optom, pod’ezd, soobщeniye va hokazo... Axir, proyezdni kira haqi, yo‘lkira; krujkani sarxum, cho‘lmak; protsentni foiz; optomni ko‘tara, ulgurji; pod’ezdni kirish yo‘li; soobщeniyeni xabar, deb ishlatsak, yaxshi emasmi?! Yoki nomi o‘zgargan, ammo tilimizga shunchalar o‘rnashib qolgan “Skver”ni “Amir Temur xiyoboni”, “Maksim Gorkiy” bekatini “Buyuk ipak yo‘li” bekati deb atash fursati allaqachon yetmadimikin? Ism tanlashda-chi? Turli serial qahramonlariyu, xorij aktyorlari, sportchilariga havas qilib, dunyoga kelgan farzandlarimizga Kamron, Migel, Jumong, Ronaldu, Messi, Kemal, Ishani va yana shunga o‘xshash ajnabiy ismlarni qo‘yishimizdan maqsad nima?!

Otamning bir hangomasi esimga tushib ketdi: o‘sha zamonlarda qishloqdan Maskovga o‘qishga borgan qiz yillar o‘tib, ota-onasini ko‘rish uchun uyiga qaytib kelayotganmish. Ovuliga boraverishdagi to‘qayzorda bir gala qarg‘aning charx urib uchayotganini ko‘rgan qiz tushmagur hayrat bilan “Vuy, kargalarning ko‘pligini!” dermish. Tilimizga xorij so‘zlarini qo‘shib gapirish yo o‘z so‘zlarimizni chiyirib talaffuz qilish aslida zamonaviylik belgisimi, qoloqlikmi?

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan davrda yashayapmiz. Mobil aloqayu, internet, kompyuterlar hayotimizda katta ko‘makchiga aylanib ulgurgan. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlar bilan muloqot jarayonida til me’yorlari, to‘g‘ri yozish qoidalarining qo‘pol ravishda buzilayotganini ko‘rib, tanganing ikkinchi tomoni borligiga amin bo‘lamiz. Bunga misol keltirib o‘tirishning hojati yo‘q, har birimiz shundoq ijtimoiy tarmoqdagi sahifamizga yo bizga keladigan shaxsiy xabarlarga ko‘z yugurtirsak kifoya.

Shu o‘rinda yana bir voqea esimga tushdi. Ishxonamizga nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtining poytaxtimizdagi filialida o‘qiyotgan talaba amaliyot o‘tash uchun keldi. Tushunamiz, ularga dars xorij tilida o‘tilgan. Ammo o‘zini hurmat qilgan inson baribir ona tilida so‘zlashishni, yozishni bilishi kerak. U esa oddiygina ikki og‘iz so‘zdan iborat jumlani xorijiy til qoidalari asosida tarjima qilar (masalan, “men keldim ishga soat to‘qqizda” kabi) va tanbeh eshitgani-eshitgan edi.

Biz o‘zimizda ona tiliga mehrni tarbiyalamas, kundalik hayotimizda unga e’tibor va hurmatimizni oshirmas ekanmiz, oxir-oqibat tilimiz tanazzulga yuz tutishi muqarrar.

Shu kundan boshlab qizimga ona tilimizdagi so‘zlarni, kundalik turmushimizda qo‘llanadigan chetdan kirib kelgan so‘zlarning tilimizdagi muqobilini ishlatishni o‘rgatishga harakat qildim. Ayni paytda uning xorijiy tilni o‘rganishiga ham to‘sqinlik qilmadim. Endi qizim tilimizdagi “uy” so‘zining ruscha “dom”, inglizcha “home”, “maktab”ning esa “shkola” va “school” ekanini bilar, lekin uni mavridi kelgandagina ishlatish zarurligiga o‘rgandi.

Natija esa uzoq kuttirmadi. Kecha qizim nonushtaga o‘tirarkan o‘z ona tilida so‘rashdi:

– Assalomu alaykum, otajon! Assalomu alaykum, onajon!

Men ham, onasi ham bundan xursand bo‘ldik.