Bugungi brifing O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlari sarxisobiga bag‘ishlanadi.
Qayd etish lozim, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining o‘tgan davrdagi ishi parlament faoliyatini tartibga soluvchi Konstitutsiyaviy qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” Davlat dasturi hamda Qonunchilik palatasining 2023 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari asosida tashkil etildi.
Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda, xususan, uning mazmun-mohiyatini va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda Qonunchilik palatasi deputatlari ham faol ishtirok etdilar.
Xususan, xalq vakillari yangilangan Konstitutsiyaning mohiyati va ahamiyatini, unga kiritilgan yangi normalar mazmunini aholiga yetkazish, referendum o‘tkazishning asosiy qoidalarini tushuntirish bo‘yicha barcha hududlarda targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarini tashkil etishdi. Deputatlarning mahallalar, aholi, yoshlar hamda turli soha vakillari bilan o‘tkazilgan 3 347 ta uchrashuvlari doirasida 590 mingga yaqin aholi qamrab olingan.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasi tomonidan 89 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, 49 ta qonun qabul qilindi va Senatga yuborildi. Shundan 10 tasi yangi, 26 tasi yaxlit, 7 tasi jamlanma (16 ta qonun loyihasini o‘z ichiga olgan), 6 tasi ratifikatsiya qilishga doir qonunlardir.
Shuningdek, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirishga, butun bir sohalarni tartibga solishga qaratilgan bir qator qonunlar ham qabul qilindi. Xususan, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi, “Raqobat to‘g‘risida”gi, “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Probatsiya to‘g‘risida”gi, “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Hisobot davrida, davlat boshqaruvi organlari va ular mansabdor shaxslari tomonidan qonunlarning ijro etilishi, davlat dasturlarining so‘zsiz bajarilishi, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning amalga oshirilishiga doir faoliyati ustidan ta’sirchan parlament nazorati olib borildi.
Xususan, Qonunchilik palatasi majlislarida hukumat a’zolarining va davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti 13 marotaba eshitildi (“parlament eshituvi”), 3 marotaba “hukumat soati” o‘tkazildi, mansabdor shaxslarga 8 ta parlament so‘rovi hamda 52 ta deputat so‘rovi yuborildi. Shuningdek Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan 90 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi.
Bundan tashqari, davlat byudjetining samarali bajarilishini ta’minlash, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilib, hukumatning Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi tegishli hisobotlari eshitib borildi.
Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq deputatlar har oyning oxirgi haftasida o‘z saylov okruglarida bo‘lib, fuqarolar bilan uchrashuvlar hamda muloqotlar o‘tkazdilar. Deputatlarning saylov okruglarida olib borgan faoliyati davomida saylovchilar bilan 2,2 mingdan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda 73 mingdan ziyod fuqarolar, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlarining
6 mingdan ortiq vakillari qamrab olindi.
Saylov okruglarida amalga oshirilgan ishlarning yakunlari siyosiy partiyalar fraksiyalarida atroflicha ko‘rib chiqilib, joylarda aniqlangan muammolar va kamchiliklarni parlament nazoratining ta’sirchan shakllaridan foydalangan holda hal etish choralari ko‘rildi.
Shu bilan birga, Oliy Majlis huzuridagi parlament komissiyalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishi, inson huquqlari sohasida mamlakatimizning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi hamda bu borada belgilangan ustuvor vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan parlament nazorati olib borildi.
Xalqaro aloqalarni mustahkamlash va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish Qonunchilik palatasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, hisobot davrida Qonunchilik palatasining xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan ko‘pqirrali va samarali hamkorlik aloqalari izchil davom ettirildi.
Jumladan, Qonunchilik palatasining Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Davlat Dumasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Singapur Respublikasi Parlamenti hamda Vetnam Sotsialistik Respublikasi Milliy majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlari tuzildi. Bugungi kunga kelib, parlamentlararo do‘stlik guruhlari soni 58 taga yetdi.
O‘tgan davrda Qonunchilik palatasida jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabulini tashkil etish va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan jami
3 777 ta murojaatlar kelib tushgan.
Ularda asosan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga, bir qator qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirilgan.
Mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini qaror toptirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan bu kabi islohot va yangilanishlarga hamohang tarzda ochiqlik va shaffoflik parlament faoliyatida ham bosh mezonga aylandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/8-WVWd2gsM0" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Hisobot davrida ommaviy axborot vositalarida Qonunchilik palatasi faoliyati 14 240 marotaba yoritildi.
Deputatlar korpusining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati haqida jamoatchilikka ishonchli va tezkor axborot yetkazish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
E’tiboringiz uchun raxmat!