Assalom, Osiyo kubogi-2019!
Bugun Birlashgan Arab Amirliklari davlatida futbol boʻyicha XVII Osiyo kubogi start oladi.
Bugun Birlashgan Arab Amirliklari davlatida futbol boʻyicha XVII Osiyo kubogi start oladi.
Ilk marotaba qitʼamizning 24ta eng kuchli terma jamoasi ishtirok etadigan musobaqa doirasidagi oʻyinlar BAAning Abu Dabi, Dubay, Sharja va Al-Ayn shaharlarida oʻtkaziladi.
Musobaqaning ochilish uchrashuvi bugun Abu-Dabi shahridagi “Zayd Sport Siti” stadionida boʻlib oʻtadi. Unda musobaqa mezbonlari BAA terma jamoasi Bahrayn bilan kuch sinashadi. Mazkur uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00da boshlanadi.
Argentinalik taniqli mutaxassis Ektor Kuper boshchiligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi esa Osiyo kubogidagi dastlabki uchrashuvini 9-yanvar kuni oʻtkazadi. Shu kuni yurtdoshlarimiz Sharja shahrida Oʻmon terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Taʼkidlash joiz, ushbu nufuzli musobaqa mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda BAAga 20dan ortiq jurnalist yoʻl olishmoqda. Xususan, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan qariyb 15 nafar qalam ahli BAAga olib ketilyapti. Ammo ular safida Oʻzbekiston milliy axborot agentligi xodimlari yoʻq. Nima ham derdik, OʻFA uchun Osiyo kubogi-2019da Oʻzbekiston Milliy terma jamoasining ishtiroki rasmiy manba orqali yoritilishiga ehtiyoj yoʻq shekilli, afsus...