Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asrlarga tengdosh gujumlar qani?..
16:15 / 2022-08-02

Azal-azaldan Xorazm eli o‘z uylari atroflariga, ariq (solma), hovuzlar, katta kanallar qirg‘oqlari, yo‘l yoqalariga qayrag‘och (bu daraxtni mahalliy aholi “gujum” yoki “qaromon” deydi), jiyda, qoratol, terak, oq tut, o‘rik va hakozolar ekib, o‘stirib kelgan.

Ayniqsa, yozning jazirama issiqlarida odamlar gujumlarning quyuq soyalarida hordiq chiqarib, dam olgan. 

O‘tgan asrning 70-80 yillarida Xorazmda bir asrdan oshgan gujumlar nihoyatda ko‘p edi. Afsuski, paxta maydonlarini kengaytirish maqsadida ularni ayovsiz kesib, qo‘porib tashlash oqibatida gujumlar, gujumzorlar kamayib ketdi. Asrga tengdosh u gujumlar qani endi deysiz?..Xorazm tomonlarda hozir 100 yoshdan oshgan gujumni uchratmaysiz. Ehtimol, qaylardadir – ko‘zlardan panada keksa gujumlar hamon jon saqlab, yashab kelayotgandir, lekin ularning soni sanoqli.

Kuni kecha Xorazmdan Yoqitjon opam qo‘ng‘iroq qilib, darvozamiz oldida o‘sib turgan gujumlarimiz kutilmaganda barglari oppoq bo‘lib, qurib, to‘kilib ketganligini xavotir bilan aytib, saqlab qolish chorasi bormikan, dedi.

Nima deyishga ham hayron bo‘lib qoldim. Xo‘sh, nega aynan qayrag‘och (gujum) daraxtlarini bahor yoki yoz oylarida barglari qurib, to‘kilmoqda?...

Qayrag‘och (gujum) – qayrag‘ochdoshlar oilasiga mansub bo‘lib, Respublikamizda besh turi – Silliq qayrag‘och, Turkiston qayrag‘ochi, Bujun qayrag‘ochi, Sariq qayrag‘och, Sadaqayrog‘och kabi turlari o‘sadi. Bizning Xorazm viloyatida esa qayrog‘ochning 3 turi – Sadaqayrog‘och ilmiy nomi (Ulmus densa Litv.), qayrag‘och (Ulmus pumila), gujum qayrag‘och (Ulmus androssowii Litv.) o‘sadi. Uchala turining ham bo‘yi 10-15 metrga yetadigan bo‘lib, ildiz otishi kuchli, tuproqning sizot suvlariga chidamli bo‘lib, tuproq tanlamaydi. Mart, aprel oylarida gullab, urug‘laydi. Qayrag‘ochlar urug‘laridan yoki ildiz bachkilaridan ko‘karib chiqib, yerga chuqur tomir otib ko‘payaveradi. Shuni alohida e’tirof etish joizki, qayrag‘och qadimdan imoratlar poydevoriga tag sinch qilib yotqizilgan. Qayrag‘ochdan yasalgan bezakli ustunlar Xiva va Urganch shaharlarida hozir ham saqlanib qolgan. Ilmiy manbalarda qayd etilishicha, qadimiy qal’alar (Burgutqal’a, Teshikqal’a va boshqalar) poydevori ustiga zax va sho‘r o‘tmaslik maqsadida eramizdan avvalgi davrlarda ham tag sinch o‘rniga qamish va savag‘ichlar yotqizilganligi ma’lum.

Xo‘sh, nega qayrag‘ochlarning barglari qurib to‘kilmoqda ?...

Qayrag‘ochni (gujum) daraxtini azim poytaxt shahrimiz Toshkentning xiyobonlari, yo‘llar bo‘ylarida baland binolar atroflarida, o‘sib turganligini ko‘p ham uchratavermaysiz. Yaqinda ularni Yalang‘och ota qabristoni yonidagi ko‘p qavatli uylar atrofida – Ekobozorga yaqin joyda 3-4 tupi o‘sib turganini ko‘rib, hayratda qoldim. Yaqiniga borib qarasam, xuddi Yoqitjon opam aytganidek, barglari oppoq bo‘lib qovjirab to‘kilgan ekan. Barglarini qo‘limga olib qarasam juda mayda ko‘z ilg‘amas qoramtir nimalardir bordek. Balki, bu qayrag‘och barglarining zamburug‘ kasalligiga chalinganidan dalolatdir. Ekologik omillar ta’siridan kelib chiqqan kasalikmikan yoki aynan qayrag‘och daraxti barglarini yeydigan hashoratlarmikan? Bu savolga to‘g‘ri javobni mutaxassislar beradi.

Xorazmdagi hovlimizda bobom ekan qayrag‘och (gujumlar) hamon o‘sib turibdi. Otajonim (rahmatlik) uni ko‘z qorachig‘iday asrar edi. Gujumimizning quyuq barglari orasidan hatto quyoshning zarrin nuri ham o‘ta olmasdi. Yaqin atrofda dalada ishlaydigan ayollar, traktorchilar, brigadir va hokazolar yozning jazirama issiq kunlari gujumimiz tagida rohatlanib, hordiq chiqarib, choy ichib ketishardi. Qachonlardir bu daraxtni ekkan bobomni eslab, otamga tashakkurlar aytardilar.

Negadir keyinchalik bir ofat - balo paydo bo‘lib, gujumimizni yo‘g‘on tanasini juda katta mo‘ylovdor qo‘ng‘izlar kun sayin kemirib tashlay boshladi, ular tez ko‘payib borardi, bizlar bu ochofat qo‘ng‘izlarni ko‘rsak qo‘rqib qochardik. Chunki Xorazmda bunday katta mo‘ylovdor qo‘ng‘iz deyarli uchramas edi. Otam mutaxassis entamologlar bilan uchrashib shuni aniqladilarki, mo‘ylovdor qo‘ng‘izlar vatani Rossiya ekan. Bu haqda Xorazm televedeniyasida ham ko‘plab muloqotlar, suhbatlar bo‘lib o‘tgan. Ma’lumki, aholi uy-joy qurish uchun ko‘p yog‘och talab etiladi, yog‘och esa asosan Rossiyadan keltiriladi. Yog‘ochlarda joylashib olgan qo‘ng‘iz lichinkalari, g‘umbaklaridan rivojlangan qo‘ng‘izlar iqlim sharoitiga tez moslashib rivojlanib asrga tengdosh gujumlarimizga qiron keltirgan edi. Otam gujumlarimizga bir necha bor kimyoviy dori vositalari bilan ishlov berdilar, foydasi bo‘lmadi. Gujumlarimiz qurib qoldi. Oradan mana salkam 30 yil vaqt o‘tdi, bugun o‘sha gujumlarimiz tomirlaridan chiqqan nihollar yana quyoshga qarab bo‘y cho‘zmoqda. Imonim komilki, gujumlarimiz asrlar osha yashayveradi.

Gujum ekib, ko‘paytiraylik...

Xorazmda so‘nggi yillarda negadir insonlar gujum ekmay qo‘yishdi. Shahar va xiyobonlarga mintaqa iqlim sharoitiga umuman mos kelmaydigan manzarali daraxtlarni ekib ko‘paytirishga e’tibor qaratilgan. Ma’lumki, Xorazmning iqlimi issiq, tuprog‘i sho‘r, tog‘lar yo‘q. Archa ekib, ko‘paytirib bo‘lmaydi. Archa faqat tog‘larda, tog‘oldi hududlarida o‘sadi, xolos. Bundan bir necha yil ilgari Xorazmga borganimda Urganch shahridagi yo‘laklarga, hokimiyat binolari, kasalxonalar, xiyobonlar, aholi dam oladigan maskanlarga, hattoki Bog‘otdan to Xonqagacha bo‘lgan asvalat yo‘l bo‘ylariga ekilgan qator archalarni ko‘rib, g‘oyatda achinib ketganman. Bechora archalar sarg‘ayib, qoqjirab qolgan. Hokimiyat binosi oldiga ekilgalarini esa quyoshdan saqlash maqsadida oq surp bilan o‘rab qo‘yilgan. Agarda o‘sha yillari, o‘sha joylarga, maskanlarga qayrag‘och, majnun tol, yo‘l atroflariga qora tol, terak, jiyda daraxlari nihollari o‘tqazilganda edi, ular bugun gurkirab o‘sib turgan, azim sersoya daraxtlarga aylangan bo‘lar edi. Haliyam kech emas, har bir yurtning, o‘lkaning o‘z iqlimidan kelib chiqib, o‘sha joyda o‘sadigan daraxt turlarini, nihollarini o‘tqazsak yoki urug‘laridan ekib ko‘paytirsak, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Yashillik olamining ham o‘z tabiiy qonuniyati bor, insoniyat uni aslo buzib, o‘zgartira olmaydi. Aksincha, qilingan mashaqatli mehnatlar, sarflangan millonlab mablag‘lar behuda isrof bo‘lib qolaveradi. Bepoyon cho‘llar qum sahrolarida o‘sadigan juzg‘un, oq saksovul, quyonsuyak, selen kabi buta – daraxtlar bor. Ularni harchand urinmaylik, baland tog‘lar quchog‘ida o‘stira olmaymiz, ular yuqori haroratli, jazirama issiq qumlarda yayrab o‘sadi. Xuddi shunday, archa, bodom, do‘lana kabi daraxtlar ham yuksak pirviqor tog‘larimizda gurkirab o‘sadigan yaratganning mo‘’jizalaridir. Ular shu iqlim sharoitiga millon-millon yillar davomida moslashib borgan.

Darvoqe’, bugun 1 avgust kuni Yoqitjon opam yana qo‘ng‘iroq qildilar. Qo‘shnimiz Darmon opa aytibdilarki, qovjirab qolgan gujumlari yana ko‘m-ko‘k bo‘lib, yangi barglar chiqarib, yashnab ketibdi. Nahotki, dedim va o‘zim ko‘rgan, Yalang‘och ota va Ekobozor yaqinidagi barglari oqarib, to‘kilib ketgan qayrag‘och (gujum)larni ko‘rgani keldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qayrag‘ochlar ko‘m-ko‘k, yangi barglar chiqarib, ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda. Soyalari ham asl gujum soyasidek quyuq.

Yaratganga behisob hamdlar aytdim. O‘yladimki, qayrag‘och barglarini yeb quritadigan ko‘z ilg‘amas hashoratlarmi, zamburug‘lardanmi ona tabiatning o‘zi davolab, yashil barglar ila qayta hayot baxsh etgan ekan.

Marhamat Matvafayeva,

Biologiya fanlari nomzodi