Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asrlarga tatigulik jasorat
09:49 / 2025-01-14

Mustaqillik, erk va obod hayot hech qachon qurbonlarsiz bo‘lmagan. Bu yo‘lda ko‘kragini qalqon qilgan mard o‘g‘lonlar jasorati, botirligiyu, kindik qoni to‘kilgan tuproqqa sadoqati haqida dostonlar to‘qilgan, asarlar bitilgan. Ularning Vatanga mehr-muhabbati, yurtga sadoqati va ko‘rsatgan jasorati asrlarni ortda qoldirib, yosh avlod uchun ibrat maktabi vazifasini bajarib keladi. Yoshlarni mardlik va botirlikka undab turadi.

Ishoning, bu gaplarni shunchaki o‘ylab topayotganimiz, to‘qib yozayotganimiz yo‘q. Vatan tuprog‘i, yurt erki va or-nomus uchun kurashgan xalqimizning uzoq va yaqin o‘tmishdagi tarixi, ajdodlarimiz meros qoldirgan dostonlarga, o‘tgan asrda erishgan mustaqilligimizga chang solmoqchi bo‘lgan jangarilar to‘dalari bilan bog‘liq voqealarga asoslanib, aytayapmiz. Ozod va obod hayotimizga rahna solmoqchi bo‘lgan g‘araz niyatli kimsalar bilan to‘qnashuvlarda mard, botir o‘g‘lonlarimiz ko‘kragini qalqon qilganidan, jasur va buyuk ajdodlarimizning sharafli an’anasi mudom davom etayotganidan faxr hissini tuyib, fikr yuritayapmiz.

Katta-kichik davralarda bugungi osuda, to‘kin turmushga erishish oson kechmagani haqida gap boshlansa, Surxondaryo viloyatining tog‘li Sariosiyo va Uzun tumanlarida 2002 yilda yuz bergan mudhish voqealarni ham esga olamiz. O‘shanda tog‘lar qo‘ynida qurollangan jangarilarni siqib chiqarishda elimiz erki uchun jonidan kechgan Vatan himoyachilari jasoratini yod etamiz. Shunday mard o‘g‘lonlarni tarbiyalab, kamolga yetkazgan ota-onalariga cheksiz hurmat bajo keltirib, davralarning to‘ridan joy ko‘rsatamiz. Ulug‘ ayyomlar arafasida qahramonning otasi, onasi, deya e’zozlab, ko‘nglini topishga intilamiz. 

Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida ulg‘aygan serjant Ziyodulla Qo‘ldoshev ham tog‘li hududlarda mamlakatimiz chegaralarini buzib kirishga harakat qilgan bosqinchi to‘dalar bilan bo‘lgan jangda 2002 yil 30 avgustda qahramonlarcha halok bo‘ldi. 24 yoshida Vatan uchun jon tikkan o‘g‘lon bundan o‘ttiz yil muqaddam tumandagi 33-umumta’lim maktabini bitirgach, Farg‘ona viloyatidagi havo-desant qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tadi. 2000 yilda Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga qabul qilindi. U oiladagi uch o‘g‘il va ikki qizning to‘ng‘ichi edi. 

Ona Vatanga sadoqati, mardligi va botirligi bilan 23 yil avval bu dunyoda o‘ziga zarxol haykal o‘rnatib ketgan Ziyodullaning bolaligi ishchi oilasida kechdi. Uning tengdoshlariga nisbatan harakatchanligi, jussasiga yarashib turgan qaddi-qomati, ziyrak va chaqqonligi otasi Ro‘zi Qo‘ldoshev va onasi Nurjamol ayalarga quvonch ulashar edi. Ota-ona ardog‘ida, ularning issiqqina bag‘rida ulg‘aygan bolakay maktabga borgach, avvaliga kitob bilan do‘st tutindi. Keyin sportga mehr qo‘ydi. 

– O‘g‘ilginam bolalikdan harbiy bo‘lishni orzu qildi, – deydi Nurjamol Qo‘ldosheva. – Televizorda “Vatanimga xizmat qilaman!”, degan ko‘rsatuv bo‘lar edi. Shu ko‘rsatuvni qoldirmay tomosha qilardi. Maktabdan kelgach, ko‘cha-kuyga ham ko‘p chiqmadi. Faqat kitob o‘qidi. So‘ngra sport bilan ham shug‘ullana boshladi. Magnitafoni bor edi. O‘shaning musiqasida tinmay turli mashqlarni bajarardi. Uy ishlariga, chorvaga unchalik mehr bermadi. Erta tongdan sigirimizning buzog‘ini egnida ko‘tarib, yugurganlari, jismonan toblanganlari hamon ko‘z oldimdan ketmaydi. Endi o‘ylasam uning do‘sti ham, yaqin sirdoshi ham kitob bilan sport bo‘lgan ekan.

Qahramon o‘g‘lonning onasidan Ziyodulla haqidagi xotiralarini tinglab, olis o‘yga cho‘maman. Mard, jasur yigitning harakatlarini, kelbatli gavdasini ko‘z oldimga keltirishga urinaman. Mash’um to‘qnashuv bo‘lgan tog‘u-g‘orlarni, jilg‘a va daryolarni, qalin archazorlarni xayolimdan o‘tkazaman. 

– O‘zi orzu qilgan sohaga ishga o‘tgach, o‘g‘lim katta bo‘lib qolding, boshingni qovushtirib qo‘yaylik, ko‘z ostingga olganing bo‘lsa ayt, deya bir necha marta gap soldim, – deya bir zum o‘yga cho‘mib qoldi onaizor. – Unamadi. Onajon, Vatanga xizmat qilay, uylanish qochmas, deya qaysarlik qildi. Ko‘ngil qo‘ygani bor-yo‘qligini ham aytmadi. Vafotidan keyin safdosh oshnalari Termizda yaxshi ko‘rgan qizi bor edi, deyishdiyu, ismini sir tutishdi. To‘ng‘ichimning safdoshlari, sinfdoshlari yo‘qlab kelib, ko‘nglimni ovutishga harakat qilganlarida uni ko‘rganday bo‘laman.

Safdoshlarining aytishicha, serjant Ziyodulla Qo‘ldoshev fidoyi, mard, vatanparvar yigit edi. Harbiy xizmatni o‘tash chog‘ida mehnatsevarligi, intizomi, mardligi, topshiriqlarga hozirjavobligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘ldi. Berilgan har bir vazifani aniq va o‘z vaqtida bajarib, safdoshlari e’tiboriga tushdi. Kasb mahoratini yanada oshirish uchun o‘z ustida tinimsiz izlandi. Xizmat chog‘ida erishgan yutuqlari uchun munosib rag‘batlantirildi. 

Ziyodulla Qo‘ldoshev qariyb chorak asrlik umri davomida oilada, maktabda va harbiy xizmatda ham asrlarga tatigulik shirin xotiralar qoldirdi. U nafaqat safdoshlari, do‘stlari va qavmu-qarindoshlari balki, xalqimiz qalbida mangu yashamoqda. 

Serjant Ziyodulla Qo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlandi. Nomi abadiylashtirilib, Muzrabot tumanidagi o‘zi o‘qigan 33-maktabga byusti o‘rnatildi. Tumanning Yo‘lchi mahallasidagi ko‘chalardan biriga uning nomi berildi. 

Ayniqsa, u ta’lim-tarbiya olgan maktabda tashkil etilgan Xotira burchagi bugun o‘quvchilarni Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat, mard, jasur ajdodlar an’anasiga hurmat ruhida ulg‘aytirishga xizmat qilmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, 

O‘zA muxbiri