Mamlakatimizda milliy qadriyatlarimiz, ota-bobolarimizdan meros an’analarga berilayotgan alohida e’tibor natijasida nafaqat madaniyat va san’at yo‘nalishida, balki jismoniy tarbiya va sport, xalq o‘yinlari tizimida milliy boyliklarimizni asrab-avaylash, ularning xalqaro rivojiga yangicha ruhiyat bag‘ishlash yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Qisqa fursatda xalqimizning hunarmandchilik an’analari, milliy o‘yinlari o‘z jozibasini jahon maydonlarida yanada yorqinroq namoyish etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Bundan 10-15 yillar muqaddam milliy sportimiz kurashning Osiyo o‘yinlari tarkibiga kiritilishi masalasi orzu edi, xolos.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2017 yildan milliy sportimiz kurashni xalqaro maydonda yanada rivojlantirish, nufuzli kompleks sport o‘yinlari tizimiga kiritish borasida qabul qilgan bir qator qarorlari va ko‘rsatmalari asosida kurash Osiyo o‘yinlari, “Osiyo bolalari”, Islom birdamligi o‘yinlari tizimiga kiritildiki, bu, asriy orzularimiz haqiqatga aylanayotganining yorqin ifodasi bo‘lmoqda.
Joriy yilning 6–21 noyabr kunlari Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Islom davlatlarining eng yirik sport forumi — VI Islom birdamligi o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Mazkur o‘yinlar tizimiga kurash sport turi birinchi bor ko‘rgazmali musobaqa sifatida kiritilgani tarixiy voqelik.
Aytish lozim, 50 dan ziyod davlatning vakillari qatnashadigan Islom birdaligi o‘yinlarining kurash musobaqalarida erkaklar –66, -81 kilogrammda, ayollar -57 va -70 kilo og‘irlikda musobaqalashadi.
Nufuzli sport o‘yinlarida kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Rizamat Soliyev yetakchiligidagi 4 nafar sportchimiz yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Kurashchilarimizdan Ruslan Bo‘riyev, Umid Esanov, Fotima Qodirova va Shohista Nazarova Islom birdamligi o‘yinlarida kurashning jozibasini namoyish etadi.
Eslatib o‘tamiz, Islom birdamligi o‘yinlarining kurash musobaqalari ertaga, 6 noyabr kuni o‘tkaziladi. O‘yinlarning rasmiy ochilish marosimi esa 7 noyabr kuni tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA