Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Asr bilan yuzma-yuz” tadbiri doirasida 100 yoshdan oshgan nuroniylar holidan xabar olindi
16:03 / 2022-10-11

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokida brifing tashkil etildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 3-9 oktyabr kunlari respublikamizning barcha hududlarida “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida 50 dan ortiq turli mavzuda ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va boshqa turdagi tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolliklarini oshirish bo‘yicha 7 ming 120 ta mahallada deputatlarning, 7 ming 399 tasida esa davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining keksa avlod vakillari bilan ochiq muloqotlari o‘tkazildi.

Ularda 400 ming 253 nafar nuroniy ishtirok etdi. 30 ta “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida 8200 nafar keksalar uchun 101 ta madaniy tadbirlar va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi va tuman (shahar)lardan boshqa hududlarga 60 ming 994 nafar, o‘z hududlaridagi muzeylar va ziyoratgohlarga esa 127 ming 949 nafar nuroniylarning sayohatlari uyushtirildi.

Nogironligi bor 3 ming 682 nafar keksaga reabilitatsiya vositalari (nogironlik aravachalari, hassa va qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamasi kabilar) taqdim etildi. 64 ming 606 nafar yakka-yolg‘iz keksalar oziq-ovqat mahsulotlari bilan yo‘qlandi, 31 ming 400 nafari esa zarur dori-darmonlar bilan ta’minlandi. 25 ming 174 nafar keksa xonadonlarida hasharlar tashkil etildi. 3 ming 670 nafar yakka-yolg‘iz keksalarning yubiley kechalari o‘tkazildi.

Uyida yotib qolgan 55 ming 341 nafar hamda shifoxonalarda davolanayotgan 22 ming 747 nafar nuroniyning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatish tadbirlari uyushtirildi. 9 ming 370 ta mahallada 265 ming 391 nafar keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

9 ming 12 ta mahallada keksalar o‘rtasida shaxmat-shashka, 7 ming 452 ta mahallada piyoda yurish, voleybol, mini-futbol, stol tennisi bo‘yicha “Keksalar zavqi” sport musobaqalari o‘tkazildi, ularda 262 ming 953 nafar nuroniy ishtirok etdi.

“Asr bilan yuzma-yuz” tadbirlari doirasida 100 yosh va undan katta 597 nafar nuroniy holidan xabar olindi. 991 ta harbiy qismda 18 ming 177 nafar nuroniylar va nafaqadagi harbiylar ishtirokida “Keksalar ma’rifati” mavzusida ma’naviy tadbirlar uyushtirildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA