So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli mahsulotlar, jumladan biologik faol qo‘shimchalarning asossiz va qonun talablariga zid tarzda reklama qilinayotgani kuzatilmoqda. Bunday holatlar aholi salomatligiga nisbatan noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otib, iste’molchini chalg‘itishi mumkin.
Shu kabi holatlardan biri “AJR QORA-SEDANA” biologik faol qo‘shimchasi reklamalarida aniqlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolar va postlarda mazkur mahsulot turli kasalliklarni davolovchi vosita sifatida talqin qilingan. Uning oshqozon kasalliklari, qandli diabet, insult va infarkt xavfini kamaytirish, shuningdek, nafas yo‘llari kasalliklari, yo‘tal va shamollashga qarshi samarali ekani haqida asoslanmagan da’volar ilgari surilgan.
Bundan tashqari, bir qator taniqli shaxslar ishtirokidagi reklama orqali aholini mahsulotning go‘yoki davolovchi xususiyatga egaligiga ishontirishga urinishlar kuzatilgan.
Raqobat qo‘mitasining so‘rovi asosida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan berilgan xulosaga ko‘ra, mahsulotning qo‘llash yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlardagi reklamada keltirilgan xususiyatlarga mos kelmasligi aniqlangan.
Ma’lumki, biologik faol qo‘shimchalar inson organizmini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi, biroq ular davolash xususiyatiga ega emas. O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, bunday mahsulotlar reklama qilinganda ularni dori vositasi sifatida talqin qilish, davolanish misollarini keltirish yoki foydalanuvchilar minnatdorligini namoyish etish qat’iyan taqiqlanadi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “SANNO TM OCEAN” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
N.Rahmonova, O‘zA