Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asossiz qarzdorliklar yuzasidan so‘rov yuborildi
16:07 / 2026-02-12

Yurtimizda iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish, kommunal xizmatlar sifatini oshirish hamda aholiga adolatli va shaffof xizmat ko‘rsatish ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Ayniqsa, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bilan bog‘liq muammolar aholi turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy organlariga 2025-yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmatlari bo‘yicha 1141 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki oylarida ushbu masala yuzasidan 850 dan ortiq murojaat qayd etildi. Bu murojaatlar sonining sezilarli darajada ortganini ko‘rsatmoqda.

Murojaatlarda asosan chiqindilarning o‘z vaqtida olib ketilmasligi, xizmatlar sifati pastligi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, shuningdek, asossiz qarzdorliklar hisoblangan. Shu sabab elektr energiyasi to‘lovlariga cheklovlar qo‘yilgani yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.

O‘rganishlar davomida ayrim hududlarda chiqindilarni olib chiqishning belgilangan minimal davriyligiga amal qilinmayotgani hamda fuqarolarga asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani aniqlandi. Murojaatlarning asosiy qismi Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi tomonidan chiqindilarni o‘z vaqtida va sifatli olib chiqishni ta’minlash, asossiz qarzdorliklarni bartaraf etish hamda shu sabab elektr ta’minotiga kiritilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish choralarini ko‘rish yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga rasmiy so‘rov yuborildi.

Qo‘mita fuqarolarni xizmat sifati bilan bog‘liq holatlarda murojaat qilishga chaqiradi va bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.

Nigora Rahmonova, O‘zA