Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asossiz qarzdorliklar bartaraf etilmoqda
15:32 / 2020-01-22

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Kommunal sohadagi asossiz qarzdorliklar, ularning kelib chiqish sabablari va bartaraf etish boʻyicha qilinayotgan ishlar” mavzusida brifing oʻtkazildi.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Kommunal sohadagi asossiz qarzdorliklar, ularning kelib chiqish sabablari va bartaraf etish boʻyicha qilinayotgan ishlar” mavzusida brifing oʻtkazildi.

Unda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbariyati hamda masʼul xodimlari, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi vakillari tomonidan oʻtgan vaqt davomida tizimda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tashkil etilgandan buyon energiya resurslari, suv taʼminoti va maishiy chiqindilar boʻyicha jami 73 trillion soʻm mablagʻ undirildi. Bu koʻrsatkich byuro tashkil etilmasdan oldingisiga nisbatan 180 foiz koʻp demakdir. Hozirda Majburiy ijro byurosining 1 nafar davlat inspektori “Oʻzbekenergo”, “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatlari va suv taʼminoti korxonalarining oʻrtacha 6 nafar nazoratchisining ish hajmini bajarmoqda. Xuddi shunday sud qarorlarining soʻzsiz ijrosini taʼminlash borasida 42,1 trillion soʻmga yaqin undiruv amalga oshirilgan boʻlib, avvalgiga nisbatan 60 foizga oʻsgan.

Qayd etilganidek, byuro faoliyatini boshlagan vaqtdan buyon noreal, yaʼni asossiz qarzdorliklar hisoblanishi bilan bogʻliq masalalar dolzarbligicha qolmoqda.

– Asossiz qarzdorliklar muqaddam taʼminotchi korxonalar tomonidan isteʼmolchilar toʻliq koʻrikdan oʻtkazilmagani, energiya resurslari va suv taʼminotining talon-taroj qilinishi va yetkazib berilishidagi tabiiy yoʻqotishlarning isteʼmolchilar zimmasiga qarzdorlik sifatida hisoblanishi sababli yuzaga kelganini koʻrsatmoqda, – deydi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining birinchi oʻrinbosari Hasan Kabirjonov. – Oʻtgan vaqt davomida isteʼmolchilarni toʻliq koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha respublika miqyosida ishchi guruhlar tuzildi. Ular tomonidan aniqlangan asossiz qarzdorliklar boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirilib, isteʼmolchi zimmasidan olib tashlash choralari koʻrilmoqda.

Hukumat topshirigʻi asosida 2018-yilda isteʼmolchilarga asossiz (noreal) hisoblangan qarzdorlikni xatlovdan oʻtkazish boʻyicha Idoralararo qoʻshma farmoyish tasdiqlangan. Unga koʻra isteʼmolchilar xatlovdan oʻtkazilgan. Natijada respublikamizdagi 429 ming nafardan ortiq isteʼmolchiga foydalanilmagan elektr energiyasi uchun 545 milliard soʻm, tabiiy gaz boʻyicha 212 ming nafar isteʼmolchilarga 430,8 milliard soʻm asossiz qarzdorlik hisoblangani aniqlandi. Ushbu asossiz qarzdorlik elektron dasturdagi isteʼmolchilarning hisob varagʻidan chiqarilib, buzilgan huquqlarini tiklanishi taʼminlandi.

Foydalanilmagan energiya resurslari uchun isteʼmolchilarga asossiz qarzdorlik hisoblanishi holatlari boʻyicha byuro organlari tomonidan 1 trillion 342 milliard soʻm noreal qarzdorlik boʻyicha jami 146 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Prezidentimizning 2017-yil 13-noyabrdagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan joylarda isteʼmolchilarning elektr energiya isteʼmolini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan (ASKUE) tizimiga ulanish jarayonlari boshlandi. Ayni paytda taʼminotchi korxonalar bilan hamkorlikda 2 million 700 mingdan ortiq elektr energiyasi isteʼmolchilariga elektron hisoblagichlar oʻrnatildi. Shundan, 1 million 363 mingtasi avtomatlashtirilgan tizimga ulangan.