Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Asosiysi, bo‘sh yotgan binolar hayotga qaytayapti, xalqimizga naf keltirishni boshlayapti»
12:28 / 2021-07-05

Prezident Matbuot xizmatining bugungi brifinggida 1 iyul kuni davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi yakunlari haqida ham ma’lumot berildi.

Ma’lumki, Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk paytlardayoq iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, raqobatni rivojlantirish masalasini kun tartibiga qo‘ygan edi. Bu maqsad besh yillik Harakatlar strategiyasida ham o‘z ifodasini topdi. O‘tgan davrda bu bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilib, juda ko‘p bo‘sh yotgan ob’ektlar xususiylashtirildi. Bu ishlar ko‘lami oshib bormoqda.

Brifingda qayd etilishicha, so‘nggi 4 yilda 3 mingdan ziyod ob’ektlar sotilib, 1 trillion 600 milliard so‘m tushum tushgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida 478 ta davlat mulki 1 trillion 100 milliard so‘mga sotilgan.

- Gap buning faqat mablag‘ida emas. Asosiysi, bo‘sh, qarovsiz yotgan binolar hayotga qaytayapti, xalqimizga naf keltirishni boshlayapti. Ularning o‘rnida yangi korxonalar ochilib, odamlar ish bilan ta’minlanyapti.

Mana, birgina misol: oxirgi 5 yilda xususiylashtirilgan ob’ektlar negizida ochilgan korxonalarda 53 mingdan ziyod ish o‘rni paydo bo‘lgan, - dedi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Brifing davomida Prezidentimiz mazkur yig‘ilishda hududlarda bo‘sh turgan boshqa ob’ektlarni ham savdoga chiqarib, tadbirkorlarga sharoit yaratish, auksionda qatnashish tartiblarini soddalashtirish va ishtirokchilar sonini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar bergani ma’lum qilindi.

O‘zA