Asosiy vazifa – sifat va samaradorlikka erishish
Samarqandda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari rahbar va pedagog xodimlarining an’anaviy avgust kengashi bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari rahbar va pedagog xodimlarining an’anaviy avgust kengashi bo‘lib o‘tdi.“Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va sohaga oid boshqa hujjatlar hayotga izchil tatbiq etilishi tufayli o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi o‘n ikki yillik uzluksiz ta’limning muhim bosqichi sifatida shakllandi. Shahar va qishloqlarimizda zamonaviy akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bunyod etilib, jihozlandi.
Samarqand viloyatida bugungi kunda 180 ga yaqin o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 173 mingdan ortiq o‘quvchi bilim olib, o‘zlari tanlagan mutaxassislik bo‘yicha kasb-hunar o‘rganmoqda. 2015-2016 o‘quv yilida viloyat o‘quvchilari fan olimpiadalarining mamlakat bosqichida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshidagi 1-akademik litsey o‘quvchisi Jahongir Faxriyev 50-xalqaro Mendeleyev olimpiadasi hamda kimyo fani bo‘yicha jahon olimpiadasida bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Dzyudo bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Pastdarg‘om politexnika kolleji o‘quvchisi Diyora Keldiyorova oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, viloyat yoshlari mamlakat miqyosidagi o‘nga yaqin tanlovda sovrinli o‘rinlarni egalladi.
– Joriy yilda viloyatimizdagi 161 kasb-hunar kollejini yuzdan ortiq mutaxassislik bo‘yicha 55 ming o‘quvchi bitirdi, – deydi Samarqand viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yo‘ldoshev. – Ular amaliyot o‘tash va keyinchalik ishga joylashish uchun 19 mingdan ziyod korxonaga to‘rt tomonlama shartnomalar asosida biriktirildi. Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan yoshlarning 500 ga yaqiniga hozirga qadar 8 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi. Umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirgan 56 ming o‘quvchining barchasi akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olindi. Mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj hamda mehnat bozoridagi talab hisobga olinib, kollejlarda to‘qqiz yo‘nalishda yangi mutaxassislik ochildi.
Anjumanda yangi o‘quv yilida Kadrlar tayyorlash milliy dasturining sifat bosqichida ilg‘or pedagogik texnologiyalar va zamonaviy axborot texnologiyalarini ta’lim jarayoniga keng qo‘llash orqali ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish, bitiruvchilarning to‘liq bandligini ta’minlash yuzasidan fikr almashildi, ta’lim muassasalari rahbar va pedagoglari, ishlab chiqarish ustalari oldida turgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.