Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asosiy stavkaning tushirilishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?
18:13 / 2023-03-23

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi asosiy stavkaning 1 foiz bandga tushirilishi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga qanday ta’sir qilishini tahlil qildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, iqtisodiyotning jadallashishi, aholi iste’moli oshishi, kredit hajmi o‘sishi kutilmoqda.

Markaziy bank boshqaruvi 2023 yil 16 martdagi yig‘ilishda asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 15 foizdan 14 foiz darajada belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Oxirgi marta 14 foizlik stavka 2018 yil boshida va 2020 yil oxirida amal qilgan. Bir yarim yil o‘tgach, 2022 yil mart oyida Markaziy bank stavkani birdaniga uch foiz bandga – 17 foizga oshirdi. O‘tgan yili regulyator stavkani ikki marta 16 foizga, iyul oyi oxirida esa 15 foizga tushirdi.

Stavkaning pasayishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshiradi va iqtisodiyot o‘sishini rag‘batlantiradi. 

Tahlil shuni ko‘rsatdiki, asosiy stavkaning 1 bandga tushishi natijasida bazaviy ssenariyga nisbatan mamlakat YAIM 0,55 foizga ko‘payadi.

Bundan tashqari, nominal foiz stavkasining tushishi real foiz stavkalarni pasaytiradi va aholi iste’molini rag‘batlantiradi. Stavka tushishi aholiga berilayotgan kreditlar miqdorini 2,6 foizga ko‘paytiradi. Natijada bazaviy ssenariyga nisbatan aholi yalpi iste’moli 0,2 foizga ortadi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, asosiy stavkaning 1 foiz bandga o‘zgarishi kredit stavkalarini o‘rtacha 0,6 foiz bandga, depozit stavkalarni 0,35 foiz bandga o‘zgartiradi.

Shunday qilib, asosiy stavkaning pasayishi tijorat banklari kredit stavkalarini pasaytirib, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kredit stavkalarining pasayishi yalpi investitsiyalar hajmini 0,68 foizga ko‘paytiradi.

Mutaxassislarning fikricha, asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasayishi iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan berilgan kreditlar hajmini qishloq xo‘jaligida 3,6 foizga, qurilishda 2,8 foizga, sanoatda kreditlar hajmini 2,7 foizga, savdoda 1,3 foizga, transport va kommunikatsiyada 1,1 foizga ko‘paytiradi.

Ma’lumot uchun, tadqiqot qisqa muddatda iqtisodiy samaralar ta’sirini baholash uchun xalqaro amaliyotda keng tarqalgan IS-LM modelidan foydalanilgan holda o‘tkazildi.

O‘zA