Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asosiy rejalar muhokama qilindi
11:11 / 2026-01-09

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov rahbarligida 2025 yil davomida sport sohasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar hamda «Prezident Olimpiadasi" sport musobaqalari yakunlari bo‘yicha soha rahbarlarining ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz raisligida 2025 yil 13 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlarga muvofiq olimpiya sport turlari bo‘yicha uch bosqichli "Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari" sport musobaqalarini yuqori darajada tashkil etish va ushbu musobaqalar g‘oliblarining "Prezident Olimpiadasi" final bosqichida ishtirokini ta’minlash vazifalari belgilangan edi. Uchrashuvda ushbu musobaqalarni o‘tkazishdan asosiy maqsad, 2028 yilda Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga sportchilarni tizimli va maqsadli tayyorlashdan iborat ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida sport federatsiyalari faoliyati alohida tahlil qilindi. Yurtimizda sportni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va zarur infratuzilma yaratilganiga qaramay, ayrim federatsiyalar faoliyatida jiddiy kamchiliklar borligi tanqidiy baholandi.

2025 yil ko‘rsatkichlari tahlili bo‘yicha qilichbozlik, eshkak eshish, voleybol, sport kurashlari va ayollar kurashi, basketbol, gandbol, regbi, taekvando (WT), velosport, gimnastika, futbol, boks va og‘ir atletika federatsiyalari tomonidan jahon, Osiyo va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etish, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritish va litsenziyalar olish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, ayrim sport federatsiyalari faoliyatida rejali ish olib borilmayotgani, seleksiya, zaxira sportchilar tayyorlash, murabbiylar bilan ishlash va xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalari yetarli darajada tashkil etilmagani aniqlandi.

Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlar va federatsiya rahbarlarining hisobotlari eshitilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, ish samaradorligini oshirish va natijaga yo‘naltirilgan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek, sport sohasida shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish, har bir federatsiyadan aniq natija talab qilish zarurligi qat’iy ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri