French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asosiy masalalar hal etilgan, navbat iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga (+video)
12:51 / 2024-07-17

O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlarining qay darajada ekaniga qo‘shni Farg‘ona va Botken viloyatlari hamisha barometr bo‘lgan. Chunki O‘zbekistonning Shohimardon qishlog‘i, So‘x tumani Qirg‘izistondagi ichora hudud bo‘lib chegara postlaridagi aholi kayfiyati asosiy baho mezonlaridan biriga aylangan. Shuning uchun ham ikki davlat prezidentlarining o‘zaro uchrashuvlari chog‘i bu viloyat rahbarlari uchun tezkor qarorlar qabul qilish, o‘zaro munosabatlarda mustaqillik va mas’uliyat masalasi alohida ko‘riladi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov boshchiligidagi delegatsiyaning Botken viloyatiga navbatdagi tashrifi, uning gubernatori Abdukarim Alimboyev boshchiligidagi qo‘shni viloyat rasmiylari bilan uchrashuvi o‘zaro muloqotlarning mantiqiy davomi edi. Botken viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan xos va delegatsiyalar uchrashuvida qadimdan og‘a-ini bo‘lib kelgan xalqlar fikr va maqsadlaridagi mushtaraklik davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli qabul qilingan hamkorlik dasturi amaliy ijrosining ifodasi ekani alohida ta’kidlandi.

Xayrullo Bozarov, Farg‘ona viloyat hokimi: –Biz bugungi tashrifimiz davomida ikkita yo‘nalishga asosiy urg‘u berdik. Birinchi yo‘nalish – iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan. Eng avvalo ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan yangi korxonalarni tashkil qilamiz. Hozirgi kunda 10 ta farg‘onalik tadbirkorlar Botken viloyatiga kelib o‘zlarining bizneslarini yuritish yuzasidan takliflarini bildirishdi. Bular eng avvalo sanoat, qishloq xo‘jaligidagi yo‘nalishda. Abdukarim Karimbekovich bilan Farg‘ona viloyatidan kelgan tadbirkorlar uchun kichik sanoat zonasini yaratish masalasini ham ko‘rib chiqyapmiz. 

Bundan tashqari, turizmni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sohasiga alohida e’tibor qaratdik. Shohimardonga kelgan turist albatta Qurbonko‘lga chiqishi, u yerda dam olishi kerak. Dugoba alpinistik lagerini qayta tiklash va Yordon qishlog‘i tepasidagi minglab gektar archazorlar o‘rtasida dam olish uylari tashkil qilish masalasi ham muhokama qilindi. O‘ylaymanki, bu ishlarni birgalikda amalga oshirib yil oxiri va kelgusi yilda iqtisodiy sohada katta ijobiy natijalarga erishamiz. 

Abdukarim Alimboyev, Botken viloyati gubernatori: –Qizilqiya shahriga O‘zbekistondan 10 dona avtobus, 200 dona maxsus texnikalar sotib olindi. Iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston–Qirg‘iziston fondi pullaridan foydalandik.

Bu yil turistlarning soni 4 barobarga ko‘paygan. Chegara–o‘tkazish punktlarining har birini borib o‘rganyapmiz. Xizmat ko‘rsatish, shart-sharoitlarini yaxshilashga harakat qilamiz. Biz o‘zbek birodarlarni xush kelibsiz deb kutib olishga doimo tayyormiz.

Do‘stlik ko‘prigi yana ishga tushdi 

So‘x daryosidagi ko‘prik ikki xalqni birlashtirishga xizmat qilgan vositalarning biri. Tul chegara nazorat-o‘tkazish punktidagi ko‘prik tabiat injiqliklari, tog‘lardan kelayotgan suv oqimining ba’zi yillar me’yoridan oshib ketishi natijasida ta’mirtalab holatga  kelgan edi.

Farg‘ona va Botken viloyatlari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bu yerda ikki xalq vakillari bilan uchrashdilar. Unda so‘nggi yillarda davlatlararo munosabatlarning eng yuqori darajasiga erishilgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Tuldagi ko‘prik Qirg‘iziston tomonidan ta’mirlanishi munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga qo‘shilgan xissa deb baholandi.

––Bu ko‘prik 1982 yil qurib foydalinshga topshirilgan. 50 yildan beri katta sel daryo o‘zanidan oshishi sababli avariya xoliga kelgan, – deydi xalq deputatlari So‘x tumani kengash deputati Xamrali Xaydarov. –Ikki mamlakat hamkorligida qirg‘iz eli quruvchilari 2-3 oyda qurib foydalanishga topshirishdi. Avval Rishton tomoniga o‘tadagan bo‘lsak, 180 kilometr yo‘l bosar edik. Hozirgi kunda Do‘stlik ko‘prigidan 35 kilometr yo‘l yuramiz xolos. Xalqimiz bu ko‘prikni abadul abad Do‘stlik ko‘prigi deb atadilar.

Do‘stlik ko‘prigi mukammal mustahkamlangan, asfaltlanib obodonlashtirilgan edi. Uning qayta ishga tushishi daryoning ikki yonida yashovchi aholi uchun quvonchli voqeaga aylandi.

– Bizning prezidentimiz Sadir Japarov hamda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida tuzilgan bitimlar asosida Botken viloyati gubernatori va Farg‘ona viloyat hokimi bilan birgalikda Do‘stlik ko‘prigini ochib berishdi. Endi biz ikki xalq to‘ylarimizda bemalol bir birimiznikiga borib kelishimiz mumkin. Men qirg‘iz eli nomidan ikki mamlakat rahbarlariga katta rahmat aytaman, – deydi qirg‘izistonlik mahalla oqsoqoli Olchinboy To‘rliyev.

Chegara – xalqlar birlashuviga xizmat qiladi 

Dunyoda ikki yuzga yaqin davlat bo‘lsa, uning barchasida chegara – nazorat o‘tkazish punktlari bor. Odamlar va yuk oqimi, demakki qo‘shni davlatlararo munosabatlar qay darajada ekaniga shu yerga qarab ham xulosa  chiqarish mumkin.

Ikki viloyat rahbarlari bu maskanlar faoliyatini doim o‘rganib, nazorat qilib turadilar. Bu gal ham Rishton, Vodil, Oq-qiya, Quvasoy chegara nazorat o‘tkazish punktlarida bo‘lib avvalo aholi, yuk tashuvchi transport vositalari haydovchilari bilan muloqot qildilar.

Yoz oylarida Shohimardonga dam olishga boruvchilar soni bir necha barobar ortgani tufayli, yuzaga kelgan ayrim tiqilinchlik masalalarini o‘rgandilar va uning yechimi yuzasidan amaliy choralar belgilandi. Ikki davlat chegara va bojxona tizimi vakillari bilan uchrashib, ularga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Tovar ayrboshlashda muqobili yo‘q usul 

Ikki viloyat delegatsiyasi Qizilqiya va Quvasoy o‘rtasidagi chegaraoldi hududini borib ko‘rdilar. Buning sababi bor edi albatta.

Biz O‘zbekiston va Qirg‘izistonning Quvasoy va Qizilqiya chegerasida turibmiz. Bu yerda qirg‘izistonlik, o‘zbekistonlik hamda uchinchi tomon Xitoy investorlari tomonidan ko‘mirni Qirg‘izistondan O‘zbekistonga transporter lentasi orqali eksport qilish, ya’ni Qirg‘isiztonning bu hududidagi omboridan 1,5 kilometr uzunlikda transporter lentasida ko‘mirni O‘zbekistonga olib o‘tishmoqchi.

Ma’lumki Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh bu hududida katta ko‘mir koni bo‘lib, uning asosiy xaridori qo‘shni Farg‘ona viloyatidir. Bugunga qadar ko‘mirni yirik avtomashinalar, temir yo‘l yuk vagonlarida tashib keltirilmoqda. Endi esa tomonlar g‘oyat noyob usulni qo‘llashmoqchi.

Bu loyihaga Xitoy tadbirkorlari to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritishmoqchi. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov bilan uchrashgan Shansi Coal Investment Group kompaniyasi vakillari yiliga 6 mln tonna ko‘mirni lentali konveyer tizimi orqali yetkazib berish loyihasini moliyalashtirmoqchi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XmJDfRUkGQI" title="Asosiy masalalar hal etilgan, navbat iqtisodiy hamkorlikni rvojlantiriga" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Ammo hali ikki davlat bojxona xizmati xuquqiy – me’yoriy hujjatlari doirasida bu masala ko‘rib chiqilishi lozim.

 Hamkorlikni amaliy ishlar mustahkamlaydi 

Farg‘ona va Botken viloyati rahbarlari boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bir kunda 400 kilometrga yaqin yo‘l bosib Rishton, So‘x, Shohimardon hamda Quvasoy hududidagi beshta chegara-nazorat o‘tkazish punktlarida bo‘ldilar, shu hududlardagi Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdilar, qo‘shma iqtisodiy loyihalar ijrosiga bog‘liq manzillar bilan tanishdilar.

Va eng muhimi, har yerda bir-birini tushunish, qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikni mustahkamlashga intilish kuzatildi.

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA