Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida Rossiya Federatsiyasidagi oliy ta’lim tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimiz va rossiyalik professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi shifokorlar, ilmiy izlanuvchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Anjumanda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, homiladorlik davrida tibbiy kuzatuv va patologiyalarni barvaqt aniqlash, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotga joriy etish, perinatal xizmat sifatini oshirish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini o‘zaro almashish masalalari muhokama qilindi.
– Homiladorlik davrida kesarcha yoki undan keyingi asoratlar ayrim hollarda onalar o‘limiga sabab bo‘ladi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Allayorov. – Shu bois anjumanda rossiyalik hamkasblarimiz bilan yuqori xavf guruhiga mansub homilador ayollar bilan ishlash, zaruratsiz operatsiyalarni kamaytirish, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini birgalikda amalga oshirish hamda ilg‘or tajriba va innovatsion usullarni amaliyotga joriy etish yuzasidan fikr almashdik. Maqsad ona va bola salomatligini muhofaza qilish samaradorligini oshirish, tug‘ruqdan keyingi asoratlarni kamaytirishdir.
[gallery-27824]
Anjuman doirasida ma’ruzalar, mahorat darslari, klinik holatlar tahlili va davra suhbatlari tashkil etildi.
– Ikki kun davomida buxorolik va samarqandlik hamkasblarimiz bilan akusher va ginekologiya, neontologiya hamda pediatriya sohalaridagi dolzarb masalalarni muhokama qildik, – deydi Tatariston akusherlar va ginekologlar jamiyati raisi, tibbiyot fanlari doktori Ildar Fatkullin. – O‘zbekistonga, jumladan, Samarqandga kelib, zamonaviy tibbiyot muassasalari va texnologiyalarni ko‘rib mamnun bo‘ldim. Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, yuqori xavf guruhidagi homilador ayollar bilan ishlash borasida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy-amaliy anjumanlar va tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish biz uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Anjuman qatnashchilari Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida qo‘llanilayotgan zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari