English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asosiy maqsad – yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish
11:54 / 2022-01-29

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlarda Toshkent viloyatidagi 1 ming 18 ta mahallada faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari ham faol qatnashdi.

Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori ijrosi doirasida olib borilayotgan mazkur darslarda mutaxassislar tomonidan yoshlar vakillari uchun yangi joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha bilimi oshirildi.

Hududlarda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etishni metodik jihatdan ta’minlash, yoshlar yetakchilarining tashkiliy-huquqiy bilimlarini oshirish orqali ularda yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish ko‘nikmalarini shakllantirish mazkur sa’y-harakatlarda asosiy maqsad qilib olindi.
O‘quv-seminarda tinglovchilarga yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish, mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, beshta  muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish kabi ko‘plab mavzularda zarur axborotlar bilan tanishdik.

Umuman olganda bu kabi loyihalar tizimda endi ish boshlagan yosh mutaxassislarga amaliyotda juda kerak. Hozir Yangiyo‘l shahar “Farovon” mahalla fuqarolar yig‘inida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 516 nafar yosh bor, ularning 413 nafari ish bilan ta’minlangan.

Avvallari ko‘plab yoshlar xorijga ishlash uchun ketgan. Lekin so‘nggi paytlar shahrimizda ham ko‘plab ishlab chiqarish tarmoqlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng ishsiz fuqarolar, ayniqsa, yoshlar bandligi ta’minlanyapti. Bizning asosiy vazifalarimizdan biri esa hududdagi band bo‘lmagan yoshlarni atrofimizga qamrab olish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish va bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilishdir. Buning uchun mahalladagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishdir. Muntazam ravishda yoshlar bilan ko‘proq muloqot qilib, ularning muammolari, takliflarini o‘rganyapmiz.

Shu maqsadda mahallamiz hududida bo‘sh turgan joyda tadbirkor ko‘magi bilan istirohat bog‘i bunyod qilish loyihasini ham rejalashtirganmiz. Bu yerda xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ham tashkil etgan holda yoshlar bandligini ta’minlash imkoni yaratiladi. Sa’y-harakatlarimizdan asosiy maqsad yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, tashabbuslarini rag‘batlantirish va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdir.

Malika Nazarova,
Yangiyo‘l shahar “Farovon”  mahalla fuqarolar yig‘ini
yoshlar yetakchisi