Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asosiy maqsad: talabani amaliyot muhitiga olib kirish
16:17 / 2025-12-01

Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Muhandislik maktabi bugun mamlakatimizda texnik mutaxassislarni tayyorlashda yangi bosqichni belgilab, yetakchi ta’lim markazlaridan biriga aylanmoqda. Bu yerda zamonaviy laboratoriyalar, ishlab chiqarish korxonalari bilan uzviy hamkorlik, dual ta’lim tizimi asosiy ustunlardan hisoblanadi.

Institutning keng va yorug‘ ustaxonasida talabalar avtomodel karkaslari, elektr va gibrid agregatlar, avtomobil shinasi, tormoz tizimlari va qo‘shimcha diagnostika uskunalari bilan amaliyot olib boradi. Bu zamonaviy uskunalar talabalarga real ish jarayonini yaqindan his qilish imkonini beradi.  

Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan to‘rt ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari yangicha yondashuv bilan tashkil etilgan. Bu yerda 2-kursni yuqori ko‘rsatkichlar bilan tamomlagan 30 nafar iqtidorli talaba BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy o‘quv platformalarida 3- va 4-kurslarda ikki yillik dual ta’lim oladi. Talabalar zavod bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlarni ham o‘tab boradi, bu esa ularga maxsus ishga yo‘llanma sertifikatiga ega bo‘lish imkonini beradi.

Muhandislik maktabi faqat talabalar uchun emas, balki sohada faoliyat yuritish istagidagi yoshlar va mutaxassislar uchun ham ochiq.  

Bu yerda malakani oshirish dasturlari, boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslari va tadbirkorlar uchun amaliy o‘quv modullari tashkil etilgan bo‘lib, ularda ilg‘or mutaxassislar va ishlab chiqarish korxonalarining tajribali muhandislari faol ishtirok etadi.

– Muhandislik maktabimiz tashkil etilganidan buyon talabalarda amaliy bilimlarga bo‘lgan talab sezilarli darajada ortganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz, – deydi Jizzax politexnika instituti matbuot kotibi – axborot siyosati bo‘yicha rektor maslahatchisi Jahongir To‘lakov. – Maktabning asosiy maqsadi – talabani tayyor kadr sifatida ish joyiga borishidan oldin amaliyot muhitiga olib kirishdan iboratdir.  

Dual ta’lim tizimi, BYD bilan yaqin hamkorlik, zamonaviy uskunalar va amaliyot platformalari talabalarga real muhandislik jarayonlarini erta bosqichda anglash imkonini beradi. Natijada bitiruvchilar bozor talablariga to‘liq javob beradigan, yetuk va raqobatbardosh mutaxassisga aylanadi.

Darhaqiqat, ushbu Muhandislik maktabi Jizzax viloyatining texnik kadrlar bazasini boyitishda muhim rol o‘ynaydi. Institut oldiga qo‘yilgan vazifa – hududdagi yirik sanoat korxonalari uchun zamonaviy tafakkurga ega muhandislarni tayyorlash. Jamoa bu maqsadga bosqichma-bosqich va izchil yetib borishni rejalashtirgan.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri