“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Maxmudova samarqandlik saylovchilar bilan uchrashdi. Unda nuroniylar, faol yoshlar va xotin-qizlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Dastlab nomzodning tarjimai holi va faoliyati haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Maxmudova o‘z saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bilan saylovchilarni yaqindan tanishtirdi. To‘qqiz ustuvor yo‘nalishdan iborat dasturda huquqiy davlat qurish, ijtimoiy adolatni qaror toptirish va milliy iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlash, ilm-fan, innovatsiyalar va ta’lim sohasini barqaror rivojlantirish, aholi salomatligini muhofaza qilishga doir takliflar ilgari surilgan.
Jumladan, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, bu borada, eng avvalo, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida qonun ustuvorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
[gallery-12611]
– Biz sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surmoqdamiz, – dedi Robaxon Maxmudova. – Hammamizga ma’lumki, hozirda sudyalarning o‘z faoliyati yuzasidan mahalliy Kengashlarda muntazam ravishda axborot berish amaliyoti mavjud. Mazkur jarayonda sudyalar chiqargan sud qarorlari, ayrim paytlarda esa hali yurituvda bo‘lgan va nihoyasiga yetmagan ishlar bo‘yicha ham savol-javob qilish hollari uchraydi. Shunga ko‘ra, biz sudlar mustaqilligini ta’minlash maqsadida sudyalarning Xalq deputatlari Kengashlariga axborot berish amaliyotini bekor qilish taklifini ilgari surmoqdamiz. Dasturda, shuningdek, maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida izchil isloh qilish, markazdan uzoq qishloqlarda yashab, a’lo baholar bilan o‘qigan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan, kam ta’minlangan iqtidorli yoshlarning davlat hisobidan oliy ta’lim olishini kafolatlash takliflari ham ilgari surilayotganligi ta’kidlandi.
Shu bilan bir qatorda, farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuvlarga barham berish yuzasidan aniq takliflarning o‘rtaga tashlangani ishtirokchilarda nomzod dasturiga nisbatan qiziqish uyg‘otdi. Dasturdan o‘rin olgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalarga oid g‘oya va maqsadlar ham saylovchilar e’tibor markazida bo‘ldi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Prezidentlikka nomzod saylovchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi va barchani saylovda faol ishtirok etishga chaqirdi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA