Jizzaxda viloyat sudlari tomonidan joriy yil birinchi yarmida odil sudlov va qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, yagona sud amaliyotini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan jurnalistlarni tanishtirish maqsadida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Jizzax viloyat sudi raisi O‘.Jumayev Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida sud tizimida 2021 yil 1 yanvaridan viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar, iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilgani, ularning faoliyatga oid ma’lumotlar bilan tanishtirdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan joriy yilning birinchi yarmi davomida 1 ming 187 nafar shaxsga nisbatan 870 (2021 yilning shu davrida 817 nafar shaxsga nisbatan 604) ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. Shundan 1 ming 31 shaxsga nisbatan 725 (670 nafar 483) ta jinoyat ishlari bo‘yicha hukm chiqarilgan, 153 shaxsga (135) nisbatan 142 (117) ta jinoyat ishi tugatilgan.
[gallery-8094]
Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning ko‘rilishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 ming 183 taga yoki 12,6 foizga, ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar soni 1 ming 356 nafarga yoki 12,4 foizga oshgan.
Shu davrda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 13 ming 746 ta (2021 yilning shu davrida 6 ming 963 ta) fuqarolik ishlari kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan davrga nisbatan 6 ming 783 taga ko‘paygan. Har bir sudyaga o‘rtacha bir oyda 229,1 (116) tadan ish to‘g‘ri kelgan.
Jizzax viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, tumanlararo va tuman iqtisodiy sudlariga 2022 yilning birinchi yarim yilligi mobaynida jami 6 ming 43 ta da’vo ariza kelib tushgan bo‘lib, shundan jami 4 ming 914 ta da’vo ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, 23 ta da’vo arizalarni qabul qilish rad etilib, 505 ta ariza ish yuritishga qabul qilinmasdan qaytarilgan hamda 213 ta iqtisodiy ishlar tegishliligi bo‘yicha boshqa iqtisodiy sudlarga yuborilgan.
Sudyalar odil sulovni ta’minlash, sud qarorlarining ijrosi, sud muhokamasi oshkoraligi, bugungi kunda sudlarning ochiq va shaffofligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati haqida batafsil tushuntirishlar berdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA