Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asosiy maqsad – ochiq, konstruktiv va amaliy hamkorlik siyosatidir
14:13 / 2021-01-02

So‘nggi to‘rt yilda O‘zbekiston Respublikasida barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar tashqi siyosat sohasida ham o‘zining yaqqol natijalarini bermoqda.

Bu nafaqat mintaqa siyosatshunoslari tomonidan, balki xalqaro maydonda ko‘zga ko‘ringan yetakchi ekspert va tahlil doiralar vakillari tomonidan ham tan olinmoqda va munosib baho berilmoqda.

bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan pragmatik, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat nafaqat bu mintaqada, balki unga yondosh va bir-biriga bog‘liq mintaqalarda ham o‘zaro hamkorlikni kuchaytirmoqda, mutlaqo yangi siyosiy ob-havoni yaratmoqda.

Murojaatnomada Markaziy Osiyo mintaqasidagi aloqalar rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilgani bejiz emas. Bir paytlar bir-biri bilan o‘zaro hamkorlik muammolari sababli ikki tomonlama aloqalari sun’iy rivoj topmay turgan mamlakatlar bugun rasmiy Toshkentning yangicha va zamonaviy yondashuvlari, yaqin qo‘shni va qardoshlarga doimo ko‘mak-yordamga tayyor ekanligi sababli hamkorlik bobida har qanday masalalarga to‘g‘ri va o‘zaro foydali yechimlar topilmoqda.

O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan o‘zaro munosabatlarining rivojlanishida mavjud tendensiyalarni chuqur ilmiy va fundamental o‘rganish va ularni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan mintaqada yagona bo‘lgan Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi.

Albatta, pandemiya sharoitida jahonda kechayotgan keskin geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlar davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro munosabatlarni yangi reallikka moslash, transformatsiya qilish kabi ustuvor talablarni ilgari surmoqda.

Yuqoridagi omillardan kelib chiqqan holda, Murojaatnomada O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosat konsepsiyasini takomillashtirish zarurligi aytib o‘tildi. Aslida har bir davlat bor ekan, uning tashqi siyosat konsepsiyasi ham mavjud bo‘ladi va kelgusi 5-10 yillik ustuvor tamoyillarni o‘zida aks ettiradi.

Albatta, 2012 yilda ishlab chiqilgan Konsepsiya ham bugungi kunda dolzarb va amaliy ishchan tayyorlangan. Biroq, Yangi O‘zbekistonda endilikda olib borilayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni to‘liq inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik ustuvor maqsadlarimizdan kelib chiqib uni mukammallashtirishni zamonning o‘zi hayotiy muhim zaruriyatga aylantirdi. Shu ma’noda ilgari surilgan ushbu taklif nihoyatda o‘rinli va puxta ilmiy asoslangani bilan e’tiborimizni tortdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining rivojlanib borayotgan eksport salohiyati uchun yangi bozorlarni izlab topish, transport infratuzilmalari rivojlantirish, okeanga chiqish imkoniyatlarini yanada mustahkamlash maqsadi har doim dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Mamlakatimiz yetakchisi har doim qo‘shni Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi deb qarab keladi va uning mintaqa davlatlari bilan aloqalarini chuqurlashtirishga jiddiy urg‘u berib kelmoqda.

Afg‘onistonda qayta tiklash va iqtisodiy yuksalish jarayonlariga yurtimizning yordam ko‘rsatishi qandaydir qisqa va bir tomonlama manfaatlarga asoslanmagan. Aksincha, “qo‘ldan kelgan barcha yordamni ko‘rsatish”dek samimiy va ezgu niyat bilan amalga oshirib kelinmoqda.

Shu o‘rinda Afg‘oniston davlati zamonaviy tarixda O‘zbekiston bilan bu qadar yaqin, bu qadar keng qamrovli va ishonchli aloqalar olib bormaganini eslash o‘rinlidir.

Afg‘on zaminida temir yo‘l qurilishi, Termizda afg‘onistonlik yoshlarning ta’lim olishi, pandemiya tufayli ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam, O‘zbekiston chegarasi orqali bu mamlakat ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan barcha yuklarning emin-erkin o‘tishi uchun yo‘llarning ochiqligi, afg‘onlararo tinchlik muzokaralarning faol tarafdori bo‘lish – bu asriy qo‘shni xalqqa bo‘lgan ehtirom va ko‘makning bir qismi xolos.

Afg‘oniston orqali transport yo‘lagini barpo etish orqali Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bu chindan ham global tashabbus bo‘lib, submintaqamizning taraqqiyot qon tomiri bo‘la olishga qodir strategik reja hisoblanadi.

Albatta, bu koridor orqali nafaqat O‘zbekiston eksport yuklarini jahon bozorlariga chiqarishning muqobil yo‘li yaratiladi, balki bunga Qozog‘iston, Rossiya, Pokiston, Hindiston kabi katta salohiyatga ega davlatlarning bevosita manfaatlari tutashadi va rasmiy Kobul tranzit tufayli hali milliardlab daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qolaversa, jafokash afg‘on xalqi, transafg‘on yo‘lagi orqali, ichki savdoni faol rivojlantirib, urushdan keyingi davrda iqtisodiy qoloqlik, boy yer osti resurslaridan foydalana olmaslik kabi zaif jihatlarini samarali bartaraf etish uchun yaxshi imkoniyatga ham ega bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Murojaatnomaning tashqi siyosat qismida belgilangan har bir vazifa va masala nihoyatda katta ahamiyatga egaligi bilan ajralib turadi. Bildirilgan dasturilamal topshiriqlarning har birini fundamental o‘rganib chiqish, darsliklar va qo‘llanmalarda amaliy ifoda ettirish, dars jarayonlarida talabalarimizga yetkazib berish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, doktorlik ishlarini olib borayotgan izlanuvchilarimizning tadqiqot mavzulari sifatida puxta o‘rganish universitetimiz ilmiy-pedagogik jamoasining, tarkibimizdagi tahliliy markazlarning yangi yilda asosiy vazifasi bo‘lib qoladi.

Komiljon KARIMOV,

JIDU rektori,

siyosiy fanlar nomzodi