Davlatimiz rahbarining 2022 yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohadagi muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri respublikamizda jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish, boshqaruv tizimini raqamlashtirish, pedagogik va ilmiy salohiyatni, ta’lim sifatini yanada oshirishdan iboratdir.

Ayni paytda Jizzax davlat pedagogika universitetining jismoniy madaniyat fakultetda 550 nafar bo‘lajak jismoniy tarbiya va sport mutaxassisi tahsil olmoqda, ulardan 130 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
Universitetimizdagi professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyati hamda o‘quv moddiy-texnika bazasi bu ta’lim yo‘nalishlari talabalarini yuqori saviyada o‘qitish imkoniyatlari mavjud.
Jizzax viloyatida sport turlarini yanada rivojlantirish va yuqori malakali murabbiylarni yetishtirib chiqarishga ham alohida e’tibor berilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz. Universitet jismoniy madaniyat fakultetida 2021-2022 o‘quv yilida sportning kurash, 2022-2023 o‘quv yilida voleybol ta’lim yo‘nalishlari o‘z faoliyatini boshladi. Bu esa ushbu sport turlari faoliyatini yanada rivojlantirishga, sport ustalari va mutaxassis kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashga amaliy va ilmiy yordam bermoqda. Shuni ham qayd etish lozimki, universitetda bu ta’lim yo‘nalishining ochilishi qo‘shni Sirdaryo va Samarqand viloyatlari uchun ham malakali sport trenerlari, kurash va voleybol sport turlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashga imkoniyat yaratadi. Bu esa viloyatlarning ushbu sport turlari bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji qondirilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, xalq ta’limi, o‘rta maxsus va oliy ta’lim, bolalar o‘smirlar sport maktab(BO‘SM)lari o‘quvchi-yoshlarini sportning kurash va voleybol turlariga qiziqtirish hamda shu sport turlari bo‘yicha shahar, viloyat, respublika terma jamoalarini yetuk malakali sport ustalari va murabbiylar bilan ta’minlash muhimdir.
Fakultetimizda tahsil olgan va olayotgan iqtidorli talaba-yoshlardan qator sport turlari bo‘yicha jahon, Osiyo o‘yinlari va Osiyo chempionatlari g‘olib va sovrindorlari hamda 50 dan ortiq O‘zbekiston va nufuzli xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindorlari yetishib chiqqan va chiqayotganini ta’kidlab o‘tish lozim.

Jumladan, universitetimiz bitiruvchisi Nigina yoshlar o‘rtasida jahon va Osiyo chempionatlarida, kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida 1-o‘rinni egallab, 2021 yilning “Eng yaxshi yosh ayol bokschisi” sifatida e’tirof etildi. Prezidentimizning farmoniga asosan u “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Shu kungacha ko‘plab talabalarimiz O‘zbekiston terma jamoasi safida jahon hamda Osiyo chempionatlari ishtirokchisi va sovrindori bo‘ldi.

Voleybol bo‘yicha JDPU "Ziyokor” ayollar jamoasi 2021 yilda O‘zbekiston kubogi sohibi, 2022 yil Qozog‘istonda o‘tkazilgan klublar o‘rtasida Osiyo chempionati, O‘zbekiston super kubogi musobaqalarida munosib ishtirok etib sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi. O‘zbekiston chempionatida esa faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Yana bir talabamiz Komila Qo‘chqorova joriy yilning sentyabr oyida Vetnamda o‘tkazilgan sohil voleyboli bo‘yicha Markaziy Osiyo kubogida milliy terma jamoa tarkibida Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi, jamoa faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Universitetimizning talaba qizlaridan tashkil topgan basketbol jamoasi mamlakat chempionati oliy liga musobaqalarida munosib ishtirok etayotgani ham tahsinga loyiq.
Joriy yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining respublika final bosqichida JDPU qizlar jamoasi sportning stritbol turi bo‘yicha faxrli 3-o‘rinni egalladi.
2023 yilning o‘tgan davri mobaynida kurash yo‘nalishidagi talabalarimizdan 2 nafari yoshlar o‘rtasidagi jahon birinchiligida 3-o‘rinni, O‘zbekiston chempionatlarida 30 nafari oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgani fakultetda yangi ochilgan sport faoliyati yo‘nalishlarida ta’lim ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yilayotganining yorqin samarasidir.

Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan sohada xalqaro talablarga mos kadrlar tayyorlash yuzasidan ko‘plab hujjatlar qabul qilinmoqda va ularda belgilangan vazifalar yanada dolzarb ekani bilan ham ahamiyatlidir. Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, joriy yil 7 apreldagi “O‘zbekistonda ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 apreldagi “Jizzax viloyatida futbolni yanada rivojlantirish va ommalashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar sohada kadrlar tayyorlashga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq va yetuk malakali futbol bo‘yicha mutaxassislarni yetkazib berishni taqozo etadi.
Jizzax viloyatida futbol sport turini yanada rivojlantirish va yuqori malakali trenerlarni yetishtirib chiqarish ehtiyojini inobatga olgan holda, bu sohani yanada rivojlantirish maqsadida Jizzax davlat pedagogika universitetida 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab sport faoliyati (futbol) ta’lim yo‘nalishiga qabulni shakllantirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu esa Jizzax viloyatida futbol sohasini yanada rivojlantirishga, futbol sport turi bo‘yicha sport ustalari va soha uchun mutaxassis kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashda amaliy yordam beradi. Bu xalq ta’limi, o‘rta maxsus va oliy ta’lim, sport maktablari, bolalar o‘smirlar sport maktablari, futbol akademiyalari o‘quvchi-yoshlarini sportning futbol turiga qiziqtirish va shu sport turi bo‘yicha shahar, tuman, viloyat, respublika terma jamoalarini yetuk malakali sport ustalari va murabbiylar bilan shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Alisher Olimov,
JDPU sport turlarini o‘qitish
metodikasi kafedrasi mudiri, dotsent.
O‘zA