Buxoroda Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan chiqindilar hosil bo‘lishining oldini olish, qayta ishlash va takroriy foydalanish bo‘yicha choralarni qabul qilish orqali ularni 2030 yilgacha ikki baravarga qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, deputatlar, ishchi guruh a’zolari, sohaga tegishli boshqarma, muassasa va tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘limi, Hisob palatasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi vakillaridan iborat ishchi guruh vakillari hududda chiqindilar hosil bo‘lishining oldini olish, qayta ishlash va takroriy foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatimizda chiqindilar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish, respublikada sanitariya va ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi turmush darajasi va sifatini yanada oshirish sohasida davlat rahbari boshchiligida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, so‘nggi besh yilda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini isloh qilishga qaratilgan 20 ga yaqin farmon va qarorlar tasdiqlanib, amaliyotga tatbiq etildi. Mazkur hujjatlarda bu borada bajarilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab berildi.
[gallery-8778]
Buxoro viloyati aholisiga “Aholitrans” MCHJ, “Maxsusavtoxo‘jalik” MCHJ, “Buxoro viloyat Toza hudud” davlat unitar korxonasi kabi uchta korxona tomonidan sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatiladi.
bugungi kunda viloyat hududidagi 544 ta mahalladan 542 tasi, ya’ni 99,6 foizi sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olingan. Viloyat aholisiga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 12 694 million so‘m mablag‘ ajratilib, 14 dona maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar hamda 3 dona kompaktorlar xarid qilingan. Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi 42,8 foizga yetkazilgan. “Toza hudud” DUKlarni moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 17 ta maxsus texnika va 9 ta chiqindi konteynerlari xarid qilinib, foydalanishga topshirildi.
Aholining asosiy talablaridan biri bu sanitar tozalash xizmatlari sifatini yanada oshirishdir. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, joriy yil yakuniga qadar aholini sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olish darajasini 80 foizga, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 49 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Viloyatdagi ijtimoiy soha ob’ektlarida 568 ta chiqindi konteynerlarini xarid qilish bo‘yicha 2 556 million so‘m mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ushbu sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham borligi ta’kidlandi. Bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Chiqindilar hosil bo‘lishining oldini olish, qayta ishlash va takroriy foydalanish bo‘yicha choralarni qabul qilish orqali ularning 2030 yilgacha ikki baravarga qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati to‘g‘risida tushuntirib o‘tildi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi, ishchi guruh rahbari Boriy Alixonov qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA