Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Shahrixon mamlakatimizdagi aholisi o‘ta zich joylashgan tumanlardan biri ekanligini ta’kidlab, tumandagi muammolarni o‘rganish va ularni ijobiy hal etish, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Prezident topshiriqlaridan kelib chiqib, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat tashkilotlari, korxona va muassasalari, tumandagi 4 ta sektor rahbarlari, Xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashi deputatlari hamkorligida Shahrixonda aholini qiynayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq va tizimli ishlar olib borilmoqda.

– Bu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, shahrixonliklar turmush darajasini yanada yuksaltirish, – deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Qolaversa, Davlatimiz rahbari ta’kidlaganiday odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga qaratilgan.
Tumandagi mavjud 76 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga viloyat tashkilotlari mas’ul etib biriktirildi. Tashkil etilgan ishchi guruhlar mahallalarda uyma-uy yurib, hududlardagi, shuningdek, odamlarni qiynayotgan muammo va kamchiliklarni o‘rganadi. O‘rganishlar doirasida mahallalarda elektr energiyasi, gaz, toza ichimlik suvi ta’minoti, ko‘chalarni ta’mirlash, aholi bandligini ta’minlash, ko‘makka muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yakka-yolg‘izlarni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, tumandagi ijtimoiy soha ob’ektlari – umumta’lim maktablari, sog‘liqni saqlash muassasalari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati ham o‘rganiladi. Aholi, ayniqsa, keksalar va bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shahrixonliklar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, turli kasalliklar kelib chiqishining oldini olish, ularni faol va sog‘lom hayot kechirishlarini ta’minlash maqsadida turli sport musobaqalari, sog‘lomlashtirish aksiyalari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
– Ayniqsa, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari O‘tkirbek Shukurov. – Shu bilan birga, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va opa-singillarimizni ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, umuman, ularni qiynayotgan muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashiladi. Mazkur yo‘nalishda aniq va manzilli ishlar olib boriladi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A. Egamberdiyev boshchiligida viloyat tashkilotlari rahbarlari Shahrixon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yubordi.
Shahrixon tumanida 1 ming 141 kilometr ichki yo‘llar mavjud bo‘lib, shundan 225 kilometri tuproq qatlamli, shag‘allashtirilishi zarur bo‘lgan yo‘llar hisoblanadi. Viloyat yo‘lsozlari tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlashga kirishildi.
Jumladan, tumandagi Beshmahalla, Bayroq, Quruqsoy, Cho‘ja, Tumor, Qoziqo‘rg‘on mahallalarida 3,1 kilometr masofadagi ichki ko‘chalarga shag‘al yotqizish ishlari amalga oshirildi.
Shahrixon tumani ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlariga viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi tomonidan 8 ta avtogreyder, 8 ta zichlash texnikasi, 3 ta yuklagich hamda 120 nafar ishchi-xodimlar jalb etildi. Shuningdek, 200 ga yaqin transport vositasi shag‘al tashish ishlarida qatnashmoqda.
Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuxriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA