Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asosiy maqsad aholi salomatligini yaxshilashdir
21:48 / 2025-09-10

Buxoroda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar, jamoatchilik faollari ishtirokida “Davlat tibbiy sug‘urtasining afzalliklari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Yurtimizda oilaviy byudjet uchun og‘irlik qilmaydigan, sifatli va bepul tibbiy xizmatlarni ta’minlash maqsadida Davlat tibbiy sug‘urtasi joriy qilinmoqda. Dastlab 2021 yilda Sirdaryo viloyatida sinov tariqasida joriy etilgan Davlat tibbiy sug‘urtasi, yig‘ilgan tajriba va tahlillar asosida 2024 yilda Toshkent shahri va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich ishga tushirildi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi bu aholini kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar bilan ta’minlashga qaratilgan davlat dasturidir. Ushbu tizim asosida fuqarolarga “Kafolatlangan paket hajm” doirasida shoshilinch yordam, terapevt va boshqa mutaxassislar qabullari, tekshiruvlar, jarrohlik amaliyotlari, dori-darmon bilan ta’minlash va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

Bu xizmatlardan foydalanish uchun fuqaro doimiy ro‘yxatda turgan oilaviy shifokor (poliklinika) orqali tibbiy xizmatga murojaat qiladi. Muhimi, sug‘urta avtomatik joriy etiladi, fuqarolardan hech qanday ariza badal va boshqa to‘lovlar talab etilmaydi. Ammo, oilaviy shifokor bilan doimiy aloqada bo‘lish tavsiya etiladi. Murakkab holatlarda mutaxassisga elektron yo‘llanma beriladi. 

Kafolatlangan tibbiy paket bu davlat mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy xizmatlar ro‘yxati. Unga shoshilinch tibbiy yordam, birinchi bosqich shifokorlik xizmatlari, ba’zi tahlil va diagnostika ishlari, statsionar davolanish kabi xizmatlar kiradi. 

Sug‘urta joriy etiladigan hududlarda tibbiyot muassasalari qayta jihozlanib, tibbiyot xodimlarini malakasi oshirilmoqda. Tez yordam, shoshilinch jarrohlik, bolalarga vaksinatsiya, ayollar salomatligi, qandli diabet va gipertoniya  kabi kasalliklarni davolash yo‘lga qo‘yilmoqda.

Buxoro viloyatining 2  million 809 ming nafardan ziyod aholisiga 251 ta, shundan 19 ta viloyat darajasidagi shifoxona va dispanser, 15 ta tuman-shahar tibbiyot birlashmalari, 102 ta oilaviy poliklinika, 86 ta oilaviy shifokorlik punktlari hamda 13 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika tibbiy xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.

Surunkali kasalliklarga qarshi dori vositalari uchun davlat tomonidan xarajatlarni qoplash tizimi orqali aholi zarur dori vositalari bilan elektron retsept orqali bepul ta’minlanadi. 2025 yilning o‘tgan davrida  hududlardagi 244 ta birlamchi tibbiy muassasalarga 342 ta dorixona shartnoma asosida biriktirildi. Yetti turdagi kasallik uchun 28 turdagi dori vositalari elektron retsept orqali bepul taqdim etiladi.

– Joriy yilning o‘tgan davrida rembursatsiya dasturi doirasida 55 mingdan ortiq bemorga 81 mingdan ortiq retsept berildi, – deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Matbuot va PR xizmati rahbari Sayyora Shoyeva. – Qoplab berilgan mablag‘ esa 1 milliard 563  million so‘mdan oshdi.

2025 yil davomida ixtisoslashtirilgan shifoxonalarda sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan joriy yilning olti oyida 987 nafar bemorga yuqori texnologik operatsiyalar bajarildi. Buning uchun davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi davolash muassasalariga 10 milliard 275 million so‘m mablag‘ to‘lab berildi.

Anjumanda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan javob berildi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri