O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Ulug‘bek Inoyatov 12 iyun kuni Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Muloqotda jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiya faollari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Ulug‘bek Inoyatov yig‘ilganlarni o‘z saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Dastur elektorat manfaatlari va dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, quyidan yuqoriga qarab yo‘naltirilgan takliflar asosida har tomonlama chuqur tahlildan o‘tkazilgan holda ishlab chiqilgani ta’kidlandi.

Dasturda to‘qqizta yo‘nalish orqali yuzga yaqin g‘oya va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, dasturning barcha yo‘nalishlarida ijtimoiy himoyani kafolatlash, huquqlar, imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligiga erishish, sud huquq sohasida qonun ustuvorligiga qat’iy rioya etish, davlat va jamiyat boshqaruvini xalq hokimiyatchiligi prinsiplari asosida yanada demokratlashtirish bilan bog‘liq yana ko‘plab g‘oya va tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Nomzod dasturida belgilangan kuchli ijtimoiy siyosat yuritish bilan bog‘liq g‘oya va takliflar jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga, ehtiyojmand qatlam vakillarining huquq va manfaatlari himoyasi kafolatini ta’minlashga xizmat qiladi.


Ochiq, samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi, dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar ishtirokchilarni Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzodning dasturini qo‘llab-quvvatlashga va saylovda o‘z fuqarolik pozitsiyasi bilan faol ishtirok etishga chaqirdi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA