Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asosiy e’tibor shirkatlar qarzdorligini bartaraf etishga qaratiladi
20:00 / 2021-06-03

Milliy matbuot markazida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi «Ko‘p kvartirali uy-joylarda aholiga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda issiqlik ta’minotini yaxshilash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda umumiy maydoni 41 million kvadrat metr bo‘lgan 155 mingta xonadon foydalanishga topshirilgan, ko‘p kvartirali uy-joylar soni esa 2 barobarga ko‘paygan.

Respublikamizdagi uy-joy mulkdorlari shirkatlarining 1 ming 431 tasi yaxshi, 1 ming 809 tasi o‘rta, 947 tasi og‘ir toifaga kiradi. Ular boshqaruvida 25 ming 297 ta ko‘p kvartirali uy mavjud.

Shirkatlarning kreditor qarzdorligi 1,4 trillion so‘mni, muammoli kreditlar 277 milliard so‘mni, aholining debitor qarzdorligi esa 192,7 milliard so‘mni tashkil etadi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda respublika bo‘yicha 19 mingta ko‘p kvartirali uy-joylarning kadastr hujjatlari mavjud emas. Yangi qurilgan 3 mingta ko‘p kvartirali uy-joyga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmagan. Jumladan, Toshkent viloyatida 623 ta, Buxoroda 621 ta, Xorazmda 249 ta, Surxondaryoda 195 ta va Namanganda 170 ta ko‘p kvartirali uylarga boshqaruvchilar biriktirilmagan. Shu bois joriy yilning 1 oktyabridan boshlab majburiy to‘lovlarni billing tizimida amalga oshirishning yagona elektron platformasi ishga tushiriladi. Bunda mulkdorlar, xonadon maydoni, tarif miqdori, qarzdorlik, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot xarajatlari va daromadlari smetasi haqidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.

Aholida o‘z-o‘zidan «Boshqaruv servis kompaniya (BSK)larining afzalligi nimada?», degan tabiiy savol tug‘iladi. Oldin boshqaruv kompaniyalari 9 va 12 ta ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda ular malakali BSKlari shaklida ish yuritadi. BSKlarning afzalligi ular texnika, mablag‘, ishchi-xodim va barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlangan bo‘ladi.

bugungi kunda respublika bo‘yicha markazlashgan issiqlik tarmoqlarining 2 ming kilometri yaroqsiz ahvolda bo‘lib, tarmoqdagi yo‘qotishlar o‘rtacha 40 foizni tashkil etmoqda.

– Respublikamizda jami 38 ming 229 ta ko‘p kvartirali uy, 1 million 228 mingta xonadon mavjud bo‘lib, shundan 20 ming 604 ta (54%) uy, 833 ming 547 ta xonadon issiqlik energiyasi bilan markaziy va mahalliy qozonxonalar, individual isitish qozonlari, kontramarka va golland pechlari orqali ta’minlangan, – deydi Vazirlikning Issiqlik ta’minoti tizimini kompleks rivojlantirish va ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi boshlig‘i Ravshanbek Jo‘rayev. 

– Qolgan 17 ming 625 ta ko‘p kvartirali uy ( 395 ming 204 ta xonadon) boshqa turdagi isitish uskunalari va qo‘lbola issiqlik moslamalaridan foydalanib kelmoqda. Issiqlik ta’minoti sohasini rivojlantirish bo‘yicha yil yakuniga qadar 56 ta qozonxona qurish va rekonstruksiya qilish, 205 kilometr uzunlikdagi tarmoqlarni ta’mirlash orqali 2 mingga yaqin ko‘p kvartirali uylarni markazlashgan issiqlik tizimi bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida respublika va mahalliy byudjetlar hisobidan 51 ta qozonxona, 715 ta qozon jihozlari, 200 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini mukammal ta’mirlash, 100 kmdan ziyod tarmoqlardagi issiqlik qoplamalarini tiklash hamda 140 ta nasos agregatlarida mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Joriy yilda xalqaro moliya institutlari ishtirokida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, Jahon banki ishtirokida «Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (TS-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish» loyihasi doirasida 16,54 million dollar mablag‘ o‘zlashtiriladi.

Respublikaning issiqlik ta’minoti tizimi mavjud bo‘lmagan hududlarida imkon qadar markazlashgan yoki lokal tizimni qo‘llash, ko‘p kvartirali uylar zich bo‘lmagan, tarqoq joylashgan holatlarda esa individual issiqlik tizimini tashkil etish choralari amalga oshiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA