Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asosiy burchimiz berilgan ishonchni oqlashdir
13:25 / 2021-08-10

Zamonamizning yosh qahramonlari

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng yoshlarga cheksiz imkoniyatlar eshigi ochildi. Yoshlar ilm oldi, turli tanlov va musobaqalarda toblandi. Sohada yetuk kadr bo‘lish uchun harakat qildi.  

Toshkent shahar, Sergeli tumani hokimining Moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Akmal Jumaboyev ham shu lavozimga kelgunga qadar turli lavozimlarda ishladi. U tayanch bilimlarni egallab mamlakatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan yoshlardan. Akmal Jumaboyev O‘zA muxbirining savollariga javob berdi.

–30 yil ichida erishilgan qaysi yutuqlarni alohida e’tirof etasiz?

– Birinchi navbatda, O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida dunyoning siyosiy xaritasida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Shuningdek, ko‘p millatli xalqimiz bilan birgalikda ko‘plab islohotlar amalga oshirildi. O‘zbekistonda majburiy mehnat, shu jumladan, bolalar mehnatiga barham berildi. Markaziy Osiyoda eng qudratli sanalgan Qurolli Kuchlarimiz tashkil etildi. Oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari oshirildi, milliy va xorijiy universitetlar filiallari ochildi. Valyuta bozori nisbatan erkinlashtirildi, naqd pul bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi. Davlat organlari va xalq orasidagi byurokratik to‘siqlar bosqichma-bosqich kamaytirilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari joriy etildi. Propiska tizimi ancha isloh qilindi. Gender tenglik siyosati yo‘lga qo‘yildi.Davlat xizmatlari sohasi tashkil qilinib, 150 ga yaqin xizmat turlari joriy etildi. AQSH, Xitoy, Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, BAA, YeI va Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalar yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, chekka qishloqlardan tortib ovullargacha dorilomon kunlar shabadalari kirib bordi. Havas qilsa arzirli ishlar amalga oshirildi. Yoshlar ilm egallashi, ishlashi, shaxsiy biznes va tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun barcha qulaylik  muhayyo etildi. Siz bu imkoniyatlardan qay darajada foydalandingiz?

–bugungi kunga qadar erishgan muvaffaqiyatlarimni yurtimizning tinchligi, ota-onam hamda ustozlarimning mehnatlari va albatta mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi bilan bog‘layman.

Birgina misol, muddatli harbiy xizmatga borganimda 18 yoshda edim. Adashmasam, nafaqat vzvodda, balki harbiy qismdagi eng yosh askarlardan biri edim. Qurolli Kuchlar tizimining ham harbiy, ham mafkuraviy, ham ijtimoiy qudratini o‘zimdan o‘tkazganman. Ofitser va serjantlar tomonidan berilgan umumiy ko‘nikmalar, vatan oldida qabul qilgan harbiy qasamyodim bir yil ichida mustaqil shaxs sifatida shakllanishimga katta ta’sir o‘tkazdi. Harbiy xizmatni o‘tash davrida Qurolli Kuchlar tizimi rahbariyati tomonidan «Harbiy tayyorgarlik a’lochisi», «Ijtimoiy-siyosiy tayyorgarlik a’lochisi», «Harbiy sportchi» ko‘krak nishonlari, shuningdek, Prezident qarori asosida berilgan maxsus harbiy tavsiyanoma bilan oilamiz bag‘riga qaytdim. Toshkent avtomobil-yo‘llar institutining bakalavr bosqichiga ham, magistratura bosqichiga ham davlat granti asosida o‘qishga kirishim, oliy ta’limni imtiyozli diplom bilan tamomlab, ilk mehnat faoliyatimni olib borishimni ham bevosita yuqoridagi islohotlar mevasi deb hisoblayman.

Ijtimoiy-siyosiy sohalarda 10 yilga yaqin faoliyat yuritdim, deputat bo‘ldim, yoshlar tashkilotlarining eng quyi tizimida faoliyatimni boshlab, eng yuqori tizimi – Respublika tashkiloti markaziy kengashi raisi lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdim. Oddiy oiladan chiqqan oddiy bir yosh yigitning bu “karera”sida hech qanday «tanka»lar bo‘lmagan desa, ko‘pchilik ishonmasligi mumkin. Lekin bu haqiqat, jamiyatda o‘z o‘rnimga ega bo‘lishimni davlatimizda yoshlar siyosatining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi bilan izohlagan bo‘lardim. Inson bilim olishdan, mehnat qilishdan, vaqti kelganda sabr qilib, qiyinchiliklarga qarshi tura olishdan o‘zini cheklamasligi kerak, menimcha.

bugungi kunda o‘z imkoniyatlarimni davlat boshqaruv organlarining iqtisodiyot sohasida sinab ko‘ryapman. Bundan tashqari, moliya-iqtisodiyot yo‘nalishida falsafa fanlari bo‘yicha PhD doktori ilmiy darajasini olish harakatidaman. Nasib etsa, xalqimizning turmush darajasini yaxshilash borasidagi ilmiy izlanishlarimni yanada kengaytirish maqsadlarim ham bor.

Bilasizmi, o‘ziga va o‘zgalarga talabchanlik, bilim olish, hunar egallash, halol mehnat qilish orqali yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalana olgan inson jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ishonchim komil.

– Yosh siyosatchi, rahbar sifatida O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishi uchun yana nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Mening fikrimcha, birinchi navbatda yurtdoshlarimizdagi vatanparvarlik, yurt ravnaqiga daxldorlik hamda xalqqa, millatga bo‘lgan muhabbatni «tilimiz»dan «dilimiz»ga ko‘chirishimiz shart.  

Eng og‘riqli jihatlarimizdan biri hisoblangan ta’lim tizimi islohotlarini chuqurlashtirish, jamiyatda bolalikdan bilim olishga motivatsiya berish, farzand ta’lim-tarbiyasiga investitsiya kiritish va shunga yarasha ta’lim sifatini oshirish mexanizmlarini yaratishimiz kerak.

Mamlakatda kadrlar siyosati, kadrlarni tayyorlash, tanlash va tayinlashga oid zamonaviy metodikalarni amaliyotga joriy etishimiz lozim.

Iqtisodiy islohotlar, soliq islohotlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, insonlarning moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha o‘qitishni oliy ta’limda emas, maktabgacha ta’lim bosqichidan boshlashimiz kerak.

Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashimiz, «yashirin iqtisodiyot»ga barham berishimiz, qulay investitsiya muhitini to‘liq shakllantirishimiz lozim.

Korrupsiyaga qarshi barcha bo‘g‘inlarda birdek qat’iyat bilan kurashish, inson huquqlari, so‘z erkinligi, jamoatchilik nazorati, byudjet shaffofligi kabi islohotlarni bosqichma-bosqich va tizimli amalga oshirishimiz zarur, deb hisoblayman. Eng asosiysi, yuqorida sanab o‘tilgan masalalarni «Qanday amalga oshiramiz?» va «Kimlar bilan amalga oshiramiz?» degan savollarga to‘g‘ri javob topishimiz kerak.

D. Mamatova suhbatlashdi.