Bojxona xabarlari
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan oldindan olingan tezkor ma’lumotlarga asoslanib, Tovarlarni klassifikatsiyalash guruhi va “Buxoro” TIF bojxona posti xodimlarining hamkorligi natijasida, hujjatlarda “bitum” deb ko‘rsatilgan yuklar qayta bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur tovarlar aslida dizel yoqilg‘isi ekani tasdiqlandi. Hozirda umumiy qiymati 1 milliard 23 million so‘mlik yoqilg‘i mahsulotlari vaqtincha saqlovga olingan. Bojxona to‘lovlarini tovar nomi o‘zgartirish orqali chetlab o‘tishga urinish bilan bog‘liq mazkur holat yuzasidan protsessual tartibda ish olib borilmoqda.

Bu kabi qonunbuzarlik holatlari, joriy yilning yanvar oyi davomida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 3 marotaba bartaraf etilgan bo‘lib, ularda jami 110 tonnadan ortiq dizel yoqilg‘isining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Yuklar hujjatda “ko‘rinmadi”mi?
Viloyat bojxona boshqarmasining Olot chegara bojxona postiga xorijiy davlatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasiga ortilgan tovarlarning yuk kuzatuv hujjatlari va rentgen tasvirlarida tafovut kuzatildi.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida olib borilgan bojxona ko‘rigida esa, yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan avtomobil ehtiyot qismlari borligi ma’lum bo‘ldi. Umumiy qiymati uch milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan mazkur tovarlar, holatga oydinlik kiritilgunga qadar vaqtincha saqlovga olingan.
Hozirda esa, ushbu qonunbuzarlik yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri