Navoiy viloyati hokimligi, Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi va Navoiy viloyati madaniyat boshqarmasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Unga ko‘ra, Navoiy viloyati televideniyesida o‘quvchi-yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, ularning iste’dodi va ijodiy qobiliyatini namoyon etishga bag‘ishlangan ko‘rsatuv tashkil etish belgilandi.
– Endilikda har haftaning juma kuni viloyat televideniyesi orqali tizimli namoyish etiladigan “Asl san’at – jonli ijroda” deb nomlangan teleko‘rsatuv tashkil etildi, – deydi loyiha tashkilotchilaridan biri Tohir Abdurahmonov.
– Ko‘rsatuv o‘quvchi-yoshlarda o‘zlari tanlagan ixtisosliklarni chuqur o‘rganishga qiziqishni oshirish, yosh ijrochilarning iste’dodi va ijodiy qobiliyati bo‘yicha ijrochilik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, o‘zbek san’atini dunyo sahnalariga olib chiqishga qodir iqtidorli yoshlarni kashf etish va ular ijodini targ‘ib etishni ham maqsad qilgan.
Teleko‘rsatuvning dastlabki sonida maqom va baxshichilik san’ati yo‘nalishida ijod qilayotgan yoshlar va ularning ustozlari mehmon bo‘ldi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA