Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Asl oyna”da yangi liniya ishga tushdi
15:59 / 2017-02-10

Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Asl oyna” aksiyadorlik jamiyatida Italiyadan keltirilgan yangi liniya ishga tushirildi.

Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Asl oyna” aksiyadorlik jamiyatida Italiyadan keltirilgan yangi liniya ishga tushirildi.

Hozirga qadar korxonada Germaniyada ishlab chiqarilgan texnologiya asosida 130 xildagi dizaynda shisha mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan edi. Yangi liniya ko‘magida turfa xil ko‘rinish hamda sig‘imdagi rangli va rangsiz shisha idishlar tayyorlash yanada ko‘payadi.

– Muhimi, 150 yigit-qizning bandligi ta’minlanadi, – deydi korxona rahbari Husniddin Normuhamedov. – Bir ming 450 gradus haroratda shisha pishiradigan mazkur texnologiyani boshqarish bir muncha murakkabligi bois ishga olingan yoshlar uch oy davomida tayyorgarlik kurslarida o‘qidi. Endilikda qo‘shimcha ravishda bir kecha-kunduzda 120 tonna shisha massa ishlab chiqariladi. Mazkur idishlar mamlakatimizda yetishtirilayotgan meva va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash, konserva va yog‘-moy sanoati sohalarida ishlatiladi.

Narxi 11 million yevroni tashkil etuvchi mazkur texnologiya «Kapitalbank»dan olingan sarmoya evaziga xarid qilindi. U boshqa turdosh texnologiyalarga nisbatan elektr energiyasini 10 foizga tejaydi.

"Asl oyna" ichki bozor ehtiyojiga ishlash bilan bir qatorda, o‘tgan yili 2,5 million dollarlik mahsulot eksport qildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 4 million dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

– Yangi liniya ko‘magida xomashyoni aralashtirish, kuydirish, quyish, saralash, qadoqlash jarayonlari mukammal bajarilishi evaziga shaffof, tiniq rangli oq shisha idishlar tayyorlash imkoniyati yanada oshadi, – deydi korxona bosh texnologi Farhod Ismatov. – Xususan, ignasimon rekuperatorli shisha pishirish qozoni ish unumdorligi yuqoriligi va kamxarjligi bilan ajralib turadi.

Shisha mahsulotlari qum, dolomit, ohak, kalsiy sodasi kabi mahalliy xomashyolardan foydalanilgan holda tayyorlanmoqda. Texnologik jarayonlarning avtomatik boshqarilishi mahsulotlar yuqori sifatda tayyorlanishini kafolatlaydi. Joriy yilda 120 million dona turli sig‘imdagi qadoqlash idishlari ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Ilgari yurtimizdagi korxonalar shunday shisha idishlarni chetdan xarid qilar edi.

– Korxonamizning shisha idishlarga bo‘lgan ehtiyojining muayyan qismini import hisobidan to‘ldirayotgan edik, – deydi “Toshkentvino” korxonasining sifat bo‘yicha direktori Dinora Qosimxo‘jayeva. – Endilikda bunga ehtiyoj qolmadi. “Asl oyna” korxonasida tayyorlanayotgan idishlar bejirimligi va sifatining yuqoriligi bilan bizga ma’qul kelayotir.

Yangi liniyaning ishga tushishi munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent shahar hokimi R.Usmonov so‘zga chiqdi.