Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Askarlik shon-sharaf ishiga aylangan yurt osoyishta, obod bo‘ladi
17:39 / 2024-03-13

Prezidentimizning joriy yil 12-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatida chaqiruv yoshidagi o‘g‘lonlarni milliy armiyamiz saflariga tantanali kuzatish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

Bayramona ruhda o‘tadigan bu tadbirlarda bo‘lg‘usi askarlarni ham, ularning ota-onalari va yaqinlarini, tadbir ishtirokchilarini ham kuzataman. Barcha birdek xursand. Farzandini kuzayotgan ota-onalar o‘g‘lining yurtimizni turli tashqi tahdidlardan himoya qilishdek sharafli vazifani bajarishga ketayotganidan faxr-iftixor hissini tuyadi. Vatan oldidagi yigitlik burchini ado etishga yo‘l olayotgan mard, jasur yoshlarga keksa avlod vakillari havas bilan boqadi. Ko‘z oldida o‘zlari muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yillar gavdalanib, uzoq xayolga cho‘madi. 

Zero, bugungi yoshlar bundan o‘ttiz-qirq yil avvalgi yigitlar emas. Milliy armiyamiz ham o‘tgan asrdagi Qurolli Kuchlardan tubdan farq qiladi. O‘tgan asr yoshlari muddatli harbiy xizmatni kindik qoni to‘kilgan go‘shadan olis o‘lkalarda bajargan bo‘lsa, endilikda farzandlarimiz o‘z yurtini himoya qilmoqda. Bugun yoshi ulg‘ayib qolgan otaxonlar bilagi kuchga to‘lgan yigitlik pallasida olis yurtlarga majburan armiyaga kuzatilgan bo‘lsa, endilikda ularning farzandlari, nevaralari uchun Vatan himoyasi muqaddas burchga, shon-sharaf ishiga aylandi. 

Termiz tumanida Usmon Qurbonov degan tanishim bor. Uzoq yillar turli davlat idoralarida mehnat qilib, nafaqaga chiqdi. Bir safar viloyat markazidagi kasalxonalardan biriga borsam, tasodifan duch kelib qoldim. Quyuq salom-alikdan so‘ng bir pas suhbatlashdik. 

—Armiyada Rossiyaning sovuq o‘lkalarida ikki yil xizmat qilganman, - dedi U.Qurbonov. - O‘z erkim bilan borganim yo‘q. Maktabni bitirgach, chaqiruv qog‘ozi yuborib, olib ketishgan. O‘sha yillarda oyog‘im, belim va buyragimni sovuq olgan ekan. Ko‘p yillardan buyon shifoxonaga kelib, muolaja olib turaman. Ukol, dorining kuchi bilan yashab yuribman. Lekin bu dardimni uydagilardan boshqaga ayta olmayman. Har safar kasalxonaga kelib yotganimda umrimning kuchga to‘lgan ikki yili Ona tuprog‘imizdan olisda, behuda o‘tganiga achinaman. 

—Ana endi sizga bir gapni aytay,¬deyman Usmon akaga. - Biz ham sizdek O‘zbekistondan uzoq yurtda askar bo‘lganmiz. Izg‘irin sovuqlarni boshdan o‘tkazganmiz. Begonani it siylamas, degan naql bor. Hech birimizni sen askarsan, deb siylashmagan. Hozir xizmat taqozosi bilan mamlakatimiz janubidagi harbiy qismlarda bo‘lib turaman. Askarlar shunaqa ahil, birov-biroviga mehribon. Hech kim bir-birini kamsitmaydi. Dimog‘idan baland gapirmaydi. Ularga yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, havasingiz keladi. Maroqli hordiq chiqarishi, port bilan shug‘ullanishi, kitob mutolaa qilishi uchun ham barcha qulaylik bor... 

Yoshligida armiyadan asorat orttirgan tanishimga bu gaplarni bejiz aytmadim. Endilikda uning avlodlari zamonaviy harbiy qismlarda Konstitutsiyaviy burchini sharaf bilan o‘tashiga barcha sharoit mavjudligini eslatish uchun gapirdim. Yaratilgan bu imkoniyatlardan g‘urur hissini tuyishi, faxrlanishi uchun aytdim. 

Ayni paytda mamlakatimiz mudofaa qudrati tubdan oshirilib, Qurolli Kuchlarimiz tashkiliy, tarkibiy jihatdan takomillashdi.

Tuzilmalarning harakatchanligi, jangovar qobiliyati, harbiylarning jismoniy va ma’naviy tayyorgarligi oshirildi. Qism va bo‘linmalar zamonaviy qurol-yarog‘ va jangovar texnika bilan jihozlandi. Xalq va armiya birdamligi ta’minlanayotir. Bularning barchasi osoyishta, obod Vatanimizda tinch, farovon turmushni ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Joriy yilda Surxondaryo viloyatida barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan ikki mingdan ortiq mard o‘g‘lon muddatli harbiy xizmatga yo‘l oladi. 

Ularning ilk guruhi Vatanimiz sarhadlarini ishonchli qo‘riqlash uchun mamlakatimizning turli hududlariga tantanali kuzatildi. Ana shu tantanali marosimda egniga askarlik libosi yarashib turgan bir yigit e’tiborimni tortdi. U shu yil boshida viloyat hokimligi va Janubiy operativ qo‘mondonligi "Termiz" umumqo‘shin dala poligonida joylashgan harbiy qismda 100 nafar yosh uchun “Jasorat maktabi”ning beshinchi o‘quv yig‘ini ishtirokchisi sherobodlik Nodir Jumayev ekan. 

—Maktabni tugatgach, o‘qishga hujjat topshirdim. Omadim chopmadi, - deydi Nodir. - Yoshlar ittifoqining tavsiyasi bilan boshqa tengdoshlarim qatori “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘iniga keldim. Bu yerda harbiy akalarimiz hayoti bilan yaqindan tanishib, shu sohaga havasim ortdi. Vatan himoyachisi bo‘lishga ishtiyoqim oshdi. Mana, barcha sinovlardan o‘tib, muddatli harbiy xizmatga ketyapman. Askarlik burchimni sharaf bilan o‘tab bo‘lgach, shartnoma asosida xizmat qilishni davom ettiraman. 

Prezidentimiz g‘oyasi bilan joylarda tashkil etilgan “Jasorat maktabi” ham yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, ularning harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani ahamiyatli bo‘lmoqda. Bu yilgi mavsumda janubdagi vohada tashkil etilgan mazkur o‘quv mashg‘ulotlari ishtirokchilarining aksariyati muddatli harbiy xizmatga otlangani ham bunga yaqqol dalildir. 

Viloyatda bo‘lg‘usi askarlarni tantanali kuzatish marosimlari bayramona kayfiyatda davom etmoqda. Mamlakatimizning turli hududlariga yo‘l olayotgan jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol yigitlar bir yil davomida tajribali ofitser va serjantlardan harbiy hayot sirlarini chuqur o‘rganib, bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Vatanimizni ishonchli qo‘riqlab, tinch, osuda hayot va milliy iqtisodiyotimiz barqarorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri