Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Askarlardan onalar va ustozlar uchun unutilmas sovg‘a (+video)
11:31 / 2026-03-08

8-mart — bahorning ilk nafasi ufurgan, mehr-oqibat va e’tibor ayyomi. Ayolga hurmat va ehtirom ko‘rsatish an’anasi yanada yorqin namoyon bo‘ladigan ushbu bayram munosabati bilan Toshkent viloyatida joylashgan Milliy gvardiya harbiy qismlaridan birida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan unutilmas tashabbus amalga oshirildi.

Milliy gvardiya libosidagi yigitlar komandirlari kuzatuvida Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining turli hududlarida istiqomat qilayotgan o‘z onalari, mehribon ustozlari va o‘zi ta’lim olgan maktablariga tashrif buyurib, ular uchun kutilmagan bayram tabrigini uyushtirdi.

Harbiy libosdagi o‘g‘illarining kutilmagan tashrifi onalar uchun haqiqiy bayram sovg‘asiga aylandi. Eshik qo‘ng‘irog‘i chalinib, eshik ochilgan lahzada qarshisida saf tortib turgan o‘g‘lini ko‘rgan onalar hayajonini yashira olmay, ko‘zlarida quvonch yoshlari jilvalandi. Bu ta’sirli lahzalarda ona qalbida faxr, sog‘inch va cheksiz mehr uyg‘unlashib ketdi. Ularning bag‘riga bosib olgan farzandlariga aytgan duolari esa bu uchrashuvlarni yanada mazmunli qildi.

Shuningdek, askarlar o‘zlari ta’lim olgan maktablariga ham tashrif buyurib, ularga ilm va tarbiya bergan ustozlarini bayram bilan muborakbod etdi. O‘qituvchilar uchun bu tashrif o‘z shogirdlarining yurt himoyasida faxr bilan xizmat qilayotganini ko‘rish, ularning ehtiromi va minnatdorligini his etish kabi unutilmas lahzalarni tuhfa etdi. Harbiy yigitlar ustozlariga gul taqdim etib, samimiy tilaklar izhor qildi. Bu uchrashuvlar ustoz va shogird o‘rtasidagi hurmat, sadoqat va minnatdorlikning yorqin namunasiga aylandi.

Kutilmagan tashriflar orqali harbiy yigitlar o‘z yaqinlariga mehr, e’tibor va quvonch ulashib, 8-mart bayramining asl mohiyati — ayollarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish g‘oyasini yanada teran ifoda etdi. Bu lahzalar esa onalar va ustozlar xotirasida uzoq vaqt unutilmas iliq xotira sifatida saqlanib qolishi shubhasiz.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/D2C_jjPpet0" title="Askarlardan onalar va ustozlar uchun unutilmas sovg`a" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova,
A. Ahmedov (montaj),
O‘zA